«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Baliqchilik xo‘jaliklariga press tur uyushtirildi

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tomonidan jurnalist va blogerlar uchun Samarqand viloyatidagi baliqchilik xo‘jaliklariga press-tur tashkil etildi.

bugungi kunda Samarqand viloyatida 448 ta baliqchilik xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda. Bu xo‘jaliklarning 443 tasi 1957 gektar sun’iy suv havzalarida va 5 tasi ijarachi korxona sifatida 7987 gektar tabiiy suv havzalarida baliq yetishtirmoqda.

2020 yilda viloyatda 20 ming tonna baliq tayyorlangan. Shuningdek, yil davomida umumiy qiymati 45,4 milliard so‘m bo‘lgan 29 ta yangi baliqchilik loyihalari amalga oshirildi.

Joriy yilda viloyatda baliq yetishtirish hajmini 30  ming  tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Press-tur qatnashchilari Kattaqo‘rg‘on tumani Ko‘kcha qishlog‘idagi «Kattaqo‘rg‘on jayxuni» fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi.

2009 yilda tashkil etilgan xo‘jalik 40 gektar sun’iy, 1300 gektar tabiiy suv havzasida baliq yetishtirmoqda. Asosan, sazan, oq amur, oq va qora do‘ngpeshona, karas hamda usach baliqlari yetishtiriladi.

— Baliqchilik klasster xo‘jaligimizda quvvati 50 million dona bo‘lgan baliq lichinkalarini ishlab chiqaruvchi inkubatsiya sexini ishga tushirdik, — deydi xo‘jalik rahbari Sobir Yo‘ldoshev. — Shuningdek, tasarrufimizda 25 gektar maydonda baliq chavoqlari yetishtiriladigan reproduktor havza, baliqni qayta ishlovchi file sexi, 200 tonna baliq va baliq mahsulotlari saqlanadigan muzlatkich hamda 500 tonna baliq ozuqasi ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud.

Mazkur baliqchilik xo‘jaligida mavsumiy 18 ta, doimiy 8 ta ish o‘rni yaratilgan. Xo‘jalik tomonidan 2020 yilda 1800 tonna baliq yetishtirildi. Xo‘jalikni rivojlantirish uchun 151 million so‘m subsidiya ajratildi.

Jurnalist va blogerlarga xo‘jalikning yangi loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Pastdarg‘om tumanida joylashgan “Po‘lat baliq” MCHJ faoliyati ham press-tur ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. 2012 yilda tashkil topgan jamiyat 14 gektar sun’iy havzada yarim intensiv va intensiv (yopiq suv aylanma tizimi) usulda sazan, afrika laqqasi, oq amur, oq do‘ngpeshona kabi baliqlarni yetishtirib kelmoqda.

Ushbu klassterda hozirda quvvati 30 million dona bo‘lgan baliq lichinkalarini ishlab chiqaruvchi inkubatsiya sexi, baliq chavoqlarini yetishtiruvchi 5 gektar reproduktor havza, 50 tonna quvvatli baliqni yarim tayyor holda qayta ishlovchi sex hamda 350 tonna quvvatda baliq yemi ishlab chiqaruvchi korxonalari bor.

Xo‘jalik tomonidan 2020 yilda 110 tonna baliq yetishtirilgan hamda 67 million so‘m subsidiya olingan.

Press-tur  davomida viloyatda joriy yilda va kelgusida baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berildi.

 

G‘.HASANOV, O‘zA

Leave a comment