«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

O‘zbek ayoli timsoli

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Dilbar G‘ulomova «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» unvoni bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida taniqli davlat va jamoat arbobi, olima, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilbar G‘ulomovaning 80 yoshlik yubileyi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda Akademiya matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, san’at va madaniyat arboblari, olimlar, diniy-ma’rifiy soha vakillari, D.G‘ulomovaning farzandlari, hamkasblari, shogirdlari va talabalar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish, huquqlarini himoyalash va iste’dodlarini rivojlantirish hamda xalqimizning azaliy qadriyatlarini asrab-avaylash, diniy-ma’rifat sohasidagi ko‘p yillik samarali faoliyati uchun Dilbar G‘ulomova “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangani to‘g‘risidagi PRezident farmonini o‘qib eshittirdi.

– Taniqli davlat va jamoat arbobi, qadrli ustozimiz Dilbar G‘ulomova haqiqiy ma’noda o‘zbek ayoli timsoli, xotin-qizlarimiz uchun o‘z mehnat faoliyati, ilmiy salohiyati, fidoyiligi va oilasiga sadoqati hamda farzandlar tarbiyasidagi jonkuyarligi bilan ibrat maktabini yaratdi, – dedi tabrik so‘zida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva. – Dilbar opa o‘zlarining 40 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida mamlakatimizda oila institutini rivojlantirish, xotin-qizlarimiz uchun farovon turmush sharoitini yaratish, ularning jamiyatdagi mavqeini oshirish borasida samarali va fidokorona xizmat qildi.

Anjumanda Prezident maslahatchisi Shoazim Minovarov ham yubiley sohibasini samimiy qutlab, D.G‘ulomovaning yurtimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotida ko‘rsatayotgan fidokorona xizmatlari davlatimiz tomonidan yuqori baholanayotganini e’tirof etdi.

Darhaqiqat, ibratli qadriyatlarni asrab-avaylash, uni yosh avlodga munosib yetkazish orqali davlatimiz taraqqiyoti, elimiz farovonligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan Dilbar G‘ulomovaning hayot yo‘li va ilmiy faoliyatiga nazar tashlasak, ushbu mukofotga tom ma’noda munosib ekanligini ko‘ramiz.

Dilbar opa 1941 yil 30 mayda Toshkent shahrida tavallud topgan. Toshkent davlat to‘qimachilik institutini muvaffaqiyatli tamomlagach, turli yillarda mas’uliyatli vazifalarda ishlagan.Jumladan, Toshkent viloyati mahalliy sanoat, maishiy xizmat va kommunal xo‘jaligi kasaba uyushmalari qo‘mitasi raisi, Toshkent viloyati kasaba uyushmalari kengashi raisi, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, rais, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari lavozimlarida, 2019 yildan buyon esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari sifatida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Dilbar opa davlatimiz tomonidan “Do‘stlik”, “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlangan.

Uchrashuv davomida mehribon olima va jonkuyar inson Dilbar G‘ulomova uzoq yillik mehnat faoliyati davomida yurtimiz rivoji uchun sidqidildan mehnat qilganligi, malakali shogirdlar tarbiyalagani e’tirof etildi. O‘z navbatida Dilbar G‘ulomova ko‘rsatilgan e’tibor va hurmat uchun davlatimiz rahbari hamda hukumatimiz, xalqimizga o‘z minnatdorligini bildirdi.

N.Usmonova, O‘zA

Leave a comment