«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Tarbiyachilar e’tiborsizligi sabab 2 yoshli bolaning barmog‘i kesilib ketdi

Maktabgacha ta’lim vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatining Urganch shahridagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birining tarbiyalanuvchilardan biri muassasa xodimlarining e’tiborsizligi tufayli barmog‘ini kesib olgani to‘g‘risidagi tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda urganchlik Mohira Atajanova farzandi 2019-yilda tug‘ilgan Shohjahon Doschanov Urganch shahridagi «Osiyo bonu» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgani hamda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlarining e’tiborsizligi tufayli barmog‘i qattiq jarohatlanib, kesilib ketganini ma’lum qilgan.

Ma’lum qilinishicha, holat bo‘yicha zudlik bilan Xorazm viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi rahbariyati bilan bog‘lanilib, vaziyatga oydinlik kiritilgan. Viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasining ishchi guruhi tomonidan ro‘y bergan holat yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazilgan hamda 26 aprel kuni tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisining e’tiborsizligi tufayli baxtsiz hodisa sodir etilgani tasdiqlangan. Tarbiyalanuvchiga jarohat yetganini ko‘rgan tarbiyachi bolani kasalxonaga yetkazgan.

«Osiyo Bonu» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hisoblanib, 35 quvvatga ega, bugungi kunda 22 nafar bola tarbiyalanmoqda. 2018-yilda tashkilotga o‘z faoliyatini yuritish uchun tegishli tartibda guvohnoma berilgan bo‘lib, shu vaqtga qadar nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bunday ko‘ngilsiz holatlar ro‘y bermagan.

Maktabgacha ta’lim vazirligi hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan tegishli tartibda o‘rganish tadbirlari o‘tkazilayotgani, qolaversa, sodir etilgan noxush holatga e’tiborsiz emasligini ma’lum qilgan.

«Sodir bo‘lgan voqea yuzasidan keyingi tafsilotlar huquq-tartibot organlari axborot xizmatlari tomonidan beriladi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Farg‘onada tarbiyachining qo‘lidan otilgan qoshiq 5 yoshli bolani ko‘zidan ayirgani xabar qilingandi.

Manba: xabar.uz

Leave a comment