«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Oila va ayollar davlat, jamiyat e’tiborida

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutida “Oilaviy huquqiy munosabatlarda gender tengligi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

«Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdiyeva va boshqalar mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi teng huquqlilikni ta’minlash masalalari doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.

Konferensiyada jamoatchilikni oiladagi gender tenglik bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan tanishtirish, yosh avlod o‘rtasida gender qadriyatlarni targ‘ib qilish va ularni amaliy harakatga aylantirish, oilaviy huquqiy masalalar bo‘yicha tajriba almashishga asosiy e’tibor qaratildi. Ta’kidlash joizki, mazkur institut olimlari ayollar, oilalar manfaatini ta’minlashga oid bir qator ilmiy-ma’rifiy loyihalar ustida izlanish olib bormoqda. Bu loyihalar oilalardagi ajrimlarning oldini olish, gender tengligini ta’minlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Konferensiyada 100 ga yaqin professor-o‘qituvchi, tadqiqotchi, doktorant, magistrant, universitet talabalari, mahalla va oila sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar o‘z ilmiy maqola, ma’ruza va tadqiqotlari bilan faol qatnashdi. Anjuman bir necha sho‘’bada ish olib bordi.

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari hamda imkoniyatlar madaniyatini rivojlantirish yo‘llari, huquqiy munosabatlarda gender tamoyillarni joriy etish istiqbollari sho‘’balarining faoliyati, ayniqsa, samarali bo‘ldi.

Yalpi majlisda dolzarb muammolar aniqlandi va oilaviy huquqiy munosabatlarda gender tengligi g‘oyalarini yanada kengroq amalga oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Tavsiyalar umumiylashtirilib, konferensiya materiallari bir oy muddatda nashr qilinadi va hududlarga yetkaziladi.

 

N.Usmonova, O‘zA

Leave a comment