«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Tibbiyot sohasini raqamlashtirish aholiga qulaylik yaratadi

Qarorga sharh

Aholi sog‘lig‘ini saqlash, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, tashxislash ishlarini kuchaytirish, umuman, tibbiyot tizimida aniq samaradorlikka erishish tibbiyot sohasida o‘tkazilayotgan islohotlardan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad sanaladi.

So‘nggi bir yil mobaynida tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq Prezident farmoni va qarorlari qabul qilindi. Joriy yilda sohaga byudjetdan 21 trillion so‘m, ya’ni 2017 yilga nisbatan 3 baravar ko‘p mablag‘ ajratildi.

Biroq, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, tumanlar, chekka qishloqlarda yashovchi aholi tibbiy xizmatdagi jiddiy va tub o‘zgarishlarni o‘z hayotida sezgani yo‘q. Afsuslanarlisi, sohadagi talon-tarojliklar, vazifasiga loqaydlik bilan qarash holatlari tizimda qator muammolarni keltirib chiqarib, o‘z navbatida bu omillar aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Quyi tibbiyot tizimi bugungi kun talab darajasiga javob bermaydi. Malakali tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganlar esa ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab, ixtisoslashgan markazlarga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.

Agar yurtimizdagi 3 mingdan ziyod tibbiyot muassasasi raqamlashtirilib, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari bilan viloyat, shahar va tuman shifoxonalari bir tizimga ulansa, ana shunda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi va ortiqcha ovoragarchiliklarga barham beriladi.

Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan «Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori sohada o‘tkazilayotgan islohotlar jarayonida butunlay yangi davrni boshlab beradi.

Hujjat bilan sog‘liqni saqlash rahbariyatining asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Ilgarigidan mutlaqo farq qiladigan yangi boshqaruv tizimining tamal toshi qo‘yildi.

– Qarorda belgilangan vazifalardan eng muhimi tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini yuqori darajada samarali tashkil etish hamda aholiga tibbiyotni yaqinlashtirish hisoblanadi, – deydi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov. – Aholi bundan buyog‘i shahar, viloyat markazi yoki respublikaga sarson bo‘lib yurmasdan o‘z yashash hududida sifatli ambulator va statsionar tibbiy xizmatlarni olishi belgilanmoqda.

Yangi joriy etilayotgan boshqaruv tizimiga asosan sog‘liqni saqlash vaziriga tizim va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, ularning ishini samarali tashkil etish, fan-ta’limni rivojlantirish, vazirning birinchi o‘rinbosariga oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika, tuman, shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va shifoxonalarida tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish sifati, ularni jihozlash hamda tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish, vazirning raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosariga tibbiyot sohasini raqamlashtirish, moliyalashtirish, davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish va rivojlantirish, yana bir vazir o‘rinbosariga respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot va ko‘p tarmoqli viloyat shifoxonalarini isloh qilish, ularni birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari bilan bog‘lash yuklatiladi.

– Qaror bilan bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan vazir, vazir o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari va tuman tibbiyot birlashmalarigacha bo‘lgan rahbar kadrlarning vertikal tizimidagi faoliyatida o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash, vazir o‘rinbosarlarining o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy vazifalarini belgilash nazarda tutilmoqda, – dedi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Anvar Alimov.

Shu paytga qadar birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablag‘ miqdori 5 ming so‘m edi. 2021 yil 15 iyundan boshlab bu miqdor 3 barobarga oshirilib, 15 ming so‘mni tashkil etadi. Shu maqsad uchun 2021 yil investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobidan 165 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Tibbiyot sohasida boshqaruv bo‘yicha ikki haftalik o‘quv kurslari tashkil etiladi. Yil yakuniga qadar viloyat, tuman tibbiyot boshqarmalari bu kurslarda o‘qitiladi. Bir oy muddatda barcha sog‘liqni saqlash tashkilotlari rahbarlari faoliyatini baholash reytingi joriy etiladi. Har chorakda natijalar e’lon qilib boriladi.

– Reyting baholashda yuqori ballarni egallash uchun har bir rahbar o‘z ustida ishlaydi, bilimini oshiradi, – deydi Shayxontohur tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Anvar Qilichov. – Bu o‘z-o‘zidan sog‘lom raqobatni oshiradi. O‘z navbatida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning ham sifati, ham samaradorligi oshadi. Tibbiy xizmat hajmining oshishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholi roziligiga olib keladi.

Birlamchi bo‘g‘inda tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati tasdiqlanib, amaliyotga kiritiladi. Birlamchi bo‘g‘indagi har bir poliklinika yoki punktlarda jihozlash standartlari, davolash protokollari aniq belgilab berilmoqda. 87 turdagi kasalliklar bo‘yicha birlamchi bo‘g‘inning o‘zida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ambulator hamda statsionar davo choralari ko‘riladi. Shuningdek, diagnostika yoki laboratoriya jihozlari bilan ularning ta’minotiga alohida e’tibor qaratiladi.

Joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda aholini manzilli profilaktika va skrining qilish ishlari sifatini ko‘tarish uchun 2021 yil 1 oktyabrga qadar zarur uskunalar bilan jihozlangan maxsus avtobuslarning kamida 3 ta tajriba namunasi yaratiladi va sinovdan o‘tkaziladi.

bugungi kunda tibbiyot muassasalari faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar joriy etib borilmoqda. Misol uchun, hozirda 423 ta birlamchi tibbiyot muassasasi elektron poliklinika axborot tizimiga ulangan. Lekin yangicha ishlash uchun hamma joyda ham sharoit yetarli emas. Ayrim tibbiyot muassasalarida kompyuterlar yetishmaydi. Sohani raqamlashtirish uchun bu yil byudjetdan 28 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa-da, bu boradagi ishlar sust ketmoqda.

Ana shu omillarni hisobga olgan holda 2021 yil 1 iyundan boshlab hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari tuzilmalariga amaldagi shtat birliklari doirasida boshliqning raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilinadi. Bunda ushbu lavozimlarga tayinlanayotgan shaxslarning avvalgi davlat tashkilotlaridagi ish joyi bo‘yicha oylik ish haqi miqdori yuqori bo‘lgan taqdirda, ularning avvalgi ish joyi bo‘yicha oylik ish haqi miqdori saqlab qolinadi.

Har bir oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika hamda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida elektron tizim bilan ishlaydigan bir nafardan IT operator – hamshira lavozimi kiritiladi. Ularning kompyuter savodxonligini oshirish bo‘yicha bepul o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

– IT operator – hamshira lavozimining kiritilishi sohani raqamlashtirishda alohida ahamiyat kasb etadi, – deydi Shayxontohur tumanidagi 44-oilaviy poliklinika bosh shifokori Muqaddas Rahmatullayeva. – Har bir fuqaroning elektron ma’lumotlar bazasi tashkil qilinib, shu asosda ish olib boriladi. bugungi kunda tibbiyot xodimlarining ko‘p vaqtlari qog‘ozbozlikka, ortiqcha hujjatlarni to‘ldirishga ketadigan bo‘lsa, raqamlashtirish orqali tibbiyot xodimlari bemorlarga ko‘proq vaqt ajratishi ta’minlanadi.

Davlat tibbiyot muassasalarini 2021-2023 yillarda zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlash rejasiga muvofiq, 2021 yil yakuniga qadar davlat tibbiyot muassasalari uchun 17 ming 400 ta zamonaviy kompyuter jihozlari xarid qilinadi. Ushbu kompyuterlar oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalariga beriladi.

Muxtasar qilib aytganda, tibbiyot sohasida olib borilayotgan raqamlashtirish siyosati birinchi navbatda aholiga qulayliklar yaratish bilan birga, sohada qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirishga, tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilashga, pirovardida mamlakatimiz tibbiyotini jahon standartlari darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA

Leave a comment