«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

“Har bir nuroniy – 5 nafar yoshga murabbiy” tamoyili amalda

Jizzax viloyati Arnasoy tumanida “Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyilini amalga oshirishda ommaviy sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan samarali foydalanilayotir.

Shu maqsadda viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi va tuman hokimligi bilan hamkorlikda “Fuqarolar yig‘inlarida aholi, uyushmagan yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy va ommaviy sport tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Ushbu chora-tadbirlar rejasi asosida tumanda yoshlar va ularning nuroniy murabbiylari ishtirokida ommaviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan “Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam” shiori ostidagi yurish marafonida ming nafarga yaqin keksalar, yoshlar va ayollar ishtirok etdi. Keksalar piyoda yurishni faqat targ‘ib qilmasdan o‘zlari ham o‘rnak ko‘rsatib yoshlarni rag‘batlantirdi.

Yoshlarni sport-sog‘lomlashtirish tadbirlariga jalb etish tumandagi 2-sonli maktab sport maydonida davom ettirildi. Bu yerda “Charm to‘p, “Mahallamiz pahlavonlari” va “Mahallamiz tennischilari” musobaqalari tashkil etildi.

Albatta, yoshlar tarbiyasida kitobning o‘rni beqiyos. Bu ham nuroniylar e’tiboridan chetda qolmadi. Shu maqsadda tuman axborot-kutubxona markazi tomonidan kitob yarmarkasi tashkil qilindi. Yarmarkada yoshlar kitob tanlashida keksalarning maslahati asqotdi.

Tadbir doirasida tumandagi 5-sonli musiqa va san’at maktabi o‘quvchilarining ijodiy ishlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Ko‘rgazma bolalarning chizgan rasmlari, yosh hunarmandlarning zardo‘zlik, kashtachilik kabi xalq amaliy san’ati buyumlari tengdoshlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir davomida nuroniy murabbiylar o‘zlariga biriktirilgan tarbiyasi og‘ir, ma’naviy ko‘makka muhtoj, uyushmagan va ishsiz yoshlarning xonadonlarida bo‘lib, ularning yashash sharoitlari bilan tanishdi.

Kun davomida birgalikda tashkil etilgan tadbirlar, o‘rganilgan barcha masalalar muhokama qilishga, xulosa chiqarishga asos bo‘ldi. Shu kuni nuroniylar tumandagi sektorlar, tegishli tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari ishtirokida o‘tkazilgan seminarda bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish uchun yana nimalar qilish kerakligi belgilab olindi.

– Nuroniylarning ko‘pchiligi katta hayotiy tajribaga ega, uyda o‘z nabirasini namunali tarbiyalayotgan kishilar, – deydi viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, viloyat “Nuroniy” jamoatchilik kengashining raisi Norqul Nusharov. – Biroq birovning “quloqsiz shumtakasini” tarbiyalash hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Shuning uchun nuroniylar seminarda va o‘tkazilgan tadbir davomida bu ishni amalda qanday bajarish yuzasidan hayotiy tajribalar haqida o‘zaro o‘rtoqlashdi. Shubhasiz, bu harakat yaxshi samara beradi.

“Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili asosida tumandagi 149 nafar ma’naviy ko‘makka muhtoj, ishsiz yoshga 52 nafar nuroniy biriktirilgan. Bundan tashqari 21 ta umumta’lim maktabidagi o‘quvchilarga 63 nafar nuroniy murabbiylik qilayotir.

T.Beknazarov, O‘zA

Leave a comment