«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Ehtiromim sizga, onajon!

Farg‘onada o‘tkazib kelinayotgan «Onalarga ehtirom» festivali barcha munis va dilbar onalarimizni yanada aziz va mukarram etish, farzandlik mehr-muhabbatini izhor etishning o‘ziga xos ko‘rinishiga aylandi.

Marg‘ilonlik To‘xtaxon Mirzaboyeva ham 9 farzandning onasi. O‘g‘il-qizlarini o‘qitib, el koriga kamarbasta insonlar etib tarbiyalash uchun turmush o‘rtog‘i ikkisi bor bilimi, mehr va e’tiborini ayamadi. bugungi kunda farzandlari xalq xo‘jaligining turli sohalarida faoliyat yuritmoqda.

Onaxon mehnat faoliyati davomida o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi sifatida yuzlab shogirdlar yetishtirgan. Ta’lim sohasidagi 43 yil mehnat samarasi «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan. Hozirda nafaqaga chiqib, 24 nafar nabira, 26 nafar chevara bag‘rida umrguzaronlik qilib kelmoqda.

Farg‘ona shahri «Bo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘inida ham «Onalarga ehtirom» festivali doirasida turli tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida 26 ta nominatsiya bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkazilib, 16 nafar onaxon qatnashdi. Farg‘ona shahridagi Sadoqat ko‘chasida yashovchi, 96 yoshni qarshilagan Xayrixon ona Ahmadaliyeva «Yuz bilan yuzlashgan» nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA

Leave a comment