«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Toshkent viloyatida pilla mavsumi: a’lo natija kutilmoqda

Shu kunlarda barcha hududlarda pilla hosilini terish mavsumi boshlandi.

 

Hozir Toshkent viloyatida 8 ta pillani qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritadi. Ushbu korxonalarga pilla yetishtiradigan Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Ohangaron, Piskent, Yangiyo‘l, Chinoz, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Bo‘stonliq tumanlari biriktirib berilgan. 2021 yil mavsumida viloyatda 27 ming 302 quti ipak qurti urug‘i parvarishlanib, 1 ming 529 tonna tirik pilla yetishtirish rejalashtirilgan.

Joriy yilda pillani qayta ishlash hisobiga jami 3 million 800 ming AQSH dollari miqdorida eksport ishlari amalga oshirish ham belgilangan. Xususan, Piskent tumanida pillachilik tobora rivojlanib borayotgan bo‘lib, joriy yilda hudud pillakorlari tomonidan jami 2 ming 440 quti qurt urug‘i parvarish qilmoqda. Ayni vaqtda yilning ilk hosili yig‘ishtirib, topshirilyapti.

Tuman “Agropilla” MCHJ da mavsumning ochilish marosimiga tuman hokimi o‘rinbosari G‘ofur Aliboyev, Janubiy Koreyaning “JINJUZ SILK SO” MCHJ ipakchilik kompaniyasining general direktori Li Seong Song, “Agropilla” MCHJ tuman filiali rahbari Sarvar Mamirov, agronom va pillakorlar ishtirok etdi.

Pilla mavsumida birinchi bo‘lib “kumush tola” topshirgan Do‘stbekov hududidan “Piskent Agro Baraka” fermer xo‘jaligi kasanachilari, Shahnoza Alimova, Mustaqillik hududidan Hikmatoy Qurbonovaga pul mablag‘i topshirildi.

– O‘zbek pillasiga talab yuqori, – deydi “JINJUZ SILK SO” MCHJ ipakchilik kompaniyasining general direktori Li Seong Song. – Piskentlik pillakorlar bilan aloqalarimiz mustahkam, kelgusida ipakchilik sohasidagi ishlarimizni yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz.

– Ko‘p yillardan buyon pilla boqamiz, qop-qora zarradan oppoq tovlangan ipakka aylangunicha qurtning bari fe’l-atvori yod bo‘lib ketgan, – deydi ilg‘or pillakor Hikmatoy Qurbonova. – Bir oygina vaqt ichida ro‘zg‘orimizga yaxshigina foyda, ham uyda bo‘sh o‘tirmasdan ish bilan band bo‘lishimiz ta’minlanadi.

Joriy yilda piskentlik pillakorlar jami 137 tonna tirik pilla yetishtirishni rejalashtirgan. Dastlabki kunning o‘zida pillaxonaga 2 tonnadan ortiq pilla xomashyosi topshirildi.

Shuningdek, O‘rta Chirchiq tuman hokimligi va “Agropilla” MCHJ tomonidan joriy yilda pillachilik sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. hududdagi 168,3 gektar maydonda tut plantatsiyalari mavjud. O‘z navbatida, 2 ming 270 quti ipak qurti urug‘idan, 127 tonna pilla hosili uchun kontraksiya shartnomalari tuzildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 1 quti ipak qurti urug‘idan o‘rtacha 56 kilogramm pilla hosili olish mo‘ljallagan. “Yoriq” mahallasida yashovchi muqim ishsiz bo‘lgan Adolat Qodirova tuman hokimligining taklifini qabul qilib, 2 quti ipak qurti urug‘idan 120 kilogramm pilla hosili topshirdi. Uning 1 oylik mehnati evaziga 1 yillik pullik mehnat stajiga va qo‘shimcha daromadga ega bo‘ldi.

Mavsum boshidan buyon shu kunga qadar 3 tonna pilla hosili xirmonlarga topshirildi. Ma’lumot uchun, mavsum davomida 4 ming 500 dan ortiq ish o‘rni yaratildi.

 

Abdulaziz Musayev, O‘zA

Leave a comment