«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Payariqda bu yil 44 ta bog‘cha tashkil etiladi

bugungi kunda Payariq tumanida maktabgacha ta’lim yoshidagi (3-7 yoshli) bolalar 24 ming nafardan ortiqni tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning 14377 nafari (59,3 foizi) bog‘chaga qamrab olingan. Ayni paytda tumanda 190 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib bormoqda. Ularning 47 tasi davlat tasarrufida bo‘lsa, 3 tasi nodavlat, 8 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 132 tasi esa oilaviy bog‘cha hisoblanadi.

– Shu yilning 24 may kuni davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan hududlarda maktabgacha ta’lim muassasalari qamrovini kengaytirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda tizimda amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil etilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi, – deydi Payariq tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri N.Zoirov. – Shuningdek, Prezidentimiz oldimizda turgan vazifalarni belgilab berdi. Davlat tomonidan berilgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida xususiy va oilaviy bog‘chalar ham ko‘paygani ta’kidlanib, ta’lim-tarbiya mazmuniga jiddiy e’tibor qaratish, oilaviy bog‘chalarga o‘quv qo‘llanma va metodik materiallarni bepul yetkazib berish lozimligi qayd etildi. Albatta, bunday imtiyoz olis hududlarda ham xususiy va oilaviy bog‘chalar tashkil etish, ularni zarur o‘quv adabiyotlar, jihozlar bilan ta’minlash imkoniyatini kengaytiradi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, olis hududlarda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishning yana bir manbasi – davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalardir. bugungi kunda bunday muassasalarda bir bola uchun 50 foiz xarajatlar subsidiya qilib kelinmoqda.

Ayni paytda tumanimizning chekka hududlarida joylashgan olti mahallada bog‘cha yo‘q. Bu hududlarda masalaning yechimi sifatida oilaviy bog‘cha tashkil etish taklifi bildirilib, hudud aholisi o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Albatta, tashabbuskorlar tomonidan takliflar aytilmoqda va ular belgilangan tartibda o‘rganib chiqilib, xulosa berilmoqda. Chunki, tegishli dasturlar asosida yoki mahalliy byudjet hisobidan yiliga ikki-uchta davlat bog‘chasi qurish mumkin. Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan bog‘chalar ham sanoqli. Ammo davlat tomonidan berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanib, oilaviy bog‘cha tashkil etish tadbirkor uchun ham, o‘sha hudud aholisi uchun ham har jihatdan foydali bo‘ladi.

Joriy yilda tumanning Sho‘rtepa va Dehqonobod mahallalarida har biri 120 o‘rinli ikkita davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, Beshqo‘rg‘on va Mirzo Ulug‘bek mahallalarida esa davlat-xususiy sheriklik asosida har biri 50 o‘rinli ikkita bog‘cha bunyod etilmoqda. Bundan tashqari umumiy quvvati 1000 o‘rinli bo‘lgan 40 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi rejalashtirilib, hozirda 20 ga yaqini bo‘yicha bitim imzolandi. Ushbu bog‘chalarning tashkil etilishi bilan tumanda bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi 62,4 foizga yetishi kutilmoqda.

 

G‘.HASANOV, O‘zA

Leave a comment