«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Bitiruvchi – 2021: Buxoroda 11-sinfni 24 ming 652 nafar o‘quvchi bitirdi

Davlatimiz rahbarining bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigini nafaqat, mustaqil hayot ostonasida turgan o‘quvchilarimiz, balki ularning ota-onalari va ustozlar ham katta qiziqish hamda zo‘r hayajon bilan tingladi.

Mamlakat rahbari tomonidan bitiruvchilarga bunday murojaat ilk bor yo‘llanayotgani  ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va iste’dodlarini yuzaga chiqarish maqsadida juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga kirishilgani ahamiyatlidir. Buni birgina Buxoro viloyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Umumta’lim maktablarida so‘nggi qo‘ng‘iroq jarang sochish arafasida viloyat hokimining ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza MUSTAFAEVA O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.

– Bugun viloyatdagi mavjud maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari jaranglaydi, – deydi Dilfuza Mustafayeva. – Umumta’lim maktablarida 11-sinfni 24 ming 652 nafar o‘quvchi tamomlash arafasida turibdi. Mustaqil hayot sari uchirma bo‘layotgan bu o‘quvchilarning har biri o‘z tanlovini qilib bo‘lgan. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ularning 15 ming 699 nafari oliy o‘quv yurtlariga kirish istagini bildirgan. 2 ming 767 nafari texnikumlarga, 1 ming 564 nafari kollejda o‘qishni davom ettirmoqchi. Maktab ostonasidanoq, “Ustoz-shogird” an’anasiga ko‘ra, o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlagan o‘quvchilar soni 2 ming 319 nafarni tashkil etmoqda.

Mamlakatimiz rahbari o‘z tabrigida bitiruvchilarimizga bu yo‘lda oq yo‘l tilar ekan, har qadamda ularni qo‘llab-quvvatlab turuvchi mustahkam kuch borligini ta’kidlab, ularga yuksak ishonch bildirdi.

Davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi, ustozlarning fidoyiligi tufayli maktab partasidayoq talabalik baxtiga musharraf bo‘layotgan iqtidorli o‘quvchilarimiz ham anchagina. Ayni paytda 200 nafardan ortiq o‘quvchi xorij hamda mamlakatimizning nufuzli oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘lishga erishdi.

Davlat rahbari o‘z tabrigi orqali mamlakatimiz yoshlariga murojaat qilib, “hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi O‘zbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar” deya yuksak umid va ishonch bildirdi. Bunda barcha ota-onalar, ustozlar, butun bir mamlakatning umid va ishonchi mujassam.

 

O‘zA muxbiri Zarif Komilov yozib oldi.

Leave a comment