«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

«Oloy» bozori atrofi nega abgor holatda? (foto)

«Oloy» bozori Toshkent shahrining qoq markazida joylashgan. Bozor yonidagi bekatdan shaharning turli tomonlariga hamma yo‘nalishlar uchun transport qatnovi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

«Abdulla Qodiriy» metro bekati bozorning biqinginasida joylashgani bois bu hudud doimo odamlar bilan gavjum. Bozor atrofidagi yemakxonalarning mijozlari ham yetarlicha. Qolaversa, Gyote instituti, Ucell, UMS kabi mobil aloqa tarmoqlarining bosh ofislari, bir qator yirik banklar, mehmonxona hamda biznes markazlar ham shu yerda joylashgan. Bu tashkilotlar o‘z hududini baholi qudrat gullatib yashnatib qo‘yishga erishgan.

Ammo bu tashkilotlardan ozroq uzoqlashishingiz bilan noxush manzaralarga ko‘zingiz tushaveradi. Bozorning ichidagi tartib, mahsulotlarning sarxilligi va boshqa bozorlarga nisbatan anchagina narxi qimmatligi ham barchaga ma’lum. Nozik ta’b mehmonlar, hamyurtlarimiz bozorning narxi chaqib olishiga qaramay, allaqachon bu yerning haqiqiy mijoziga aylanib ulgurishgan.

Xorijdan keladigan mehmonlar uchun ham barcha qulayliklar mavjud. Esdalik sovg‘alaridan tortib, O‘zbekistonning eng sarhil quruq va ho‘l mevalari xorijliklar uchun muntazir.

Bozor ichining tuzukroq ko‘kalamzorlashtirilmaganiga ham ko‘z yumish mumkindir, ammo bozordan chiqishingiz bilan uning atrofi juda qarovsiz, ya’ni shaharning qoq markazidagi hashamatli «Oloy» bozorining nomiga va sha’niga nomunosib tarzda juda abgor holatda.

Qachonlardir ushbu hududga ekilgan archalar, atirgullar, ekzotik daraxt ko‘chatlari — palma, shamshod, yukka, dratsena kabi qimmatbaho va juda chiroyli manzara beradigan, gullaydigan bu o‘simliklar birortasi bu yil gullamadi. Suvsizlikdan, qarovsizlidan allaqachon o‘z ko‘rinishini yo‘qotgan. Qurigan, chirigan va sarg‘ayib yotgan bu «tirik» jonni ko‘rib rahming keladi. Va eng achinarlisi, hamisha ularning atrofini «o‘rab» turadigan, bir lahza ham tark etmaydigan turli chiqindilar, axlat uyumlari.

Atrofi qurib qaqshab yotgan, tartibsiz va o‘t bosgan bu hududni o‘ziga moslashtirgan tilamchilar, ichib dumalab yotgichlar, chiqindi titib kun o‘tkazgichlar o‘rindiqlarga biram «yarashgan».

Hududning o‘rtasida joylashgan favvoradan hali biror marta suv otilib turganini ko‘rganimiz yo‘q.

Xullas ana shunday «manzara» oralab o‘tayotganingizda xuddi bozorni va metro bekatini sivilizatsiya yetib bormagan cho‘lu biyobonning o‘rtasiga qurilgandek tasavvur qilasiz. Mana shu holatni nahotki Yunusobod tuman obodonlashtirish xizmati hamda bozor ma’muriyati har kuni o‘tib qaytayotganda ko‘rmasa…

Suvsizlikdan qurigan, chirigan, biror marta qaychi tegmaganidan tartibsiz shoxlab yotgan daraxtu o‘simliklarni, gullarni yashnatib yuboradigan birorta mas’ul topilmasa. Tartibsiz o‘sib yotgan yovvoyi o‘tlar nahotki shu hududga qarovchilarning g‘ashiga tegmasa…

 

 

 

 

 

 

Manba: xabar.uz

Leave a comment