«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarima miqdori keskin oshiriladi

O‘zbekistonda muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarima miqdori keskin oshiriladi. Bu haqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, agentlikka 2020 yil davomida yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotish holatlari bo‘yicha 157ta murojaat kelib tushgan, ushbu murojaatlarda muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari iste’molchilar tomonidan xarid qilingani aniqlangan. Holatlarning katta qismi Toshkent shahri hissasiga (94ta) to‘g‘ri keladi. 2021 yilning 1-choragi davomida esa mazkur masala bo‘yicha 54ta murojaat iste’molchilar tomonidan yo‘llangan.

“Aksariyat hollarda iste’molchilar ba’zi insofsiz sotuvchilar tomonidan, muddati o‘tgan mahsulotlarga “ikkinchi hayot” berish orqali turli xil hiylalarni ishlatishga harakat qilishiga duch kelmoqda. Iste’molga yaroqsiz mahsulotni “o‘tkazish” yo‘llari ko‘p, eng osoni – ularni o‘z vaqtida rastalardan olmaslik. Ko‘p hollarda e’tiborsiz iste’molchi tovar muddatiga ahamiyat bermaydi, shoshgan holda tovar xarid qiladi. Yana bir keng tarqalgan yo‘li bu – tovar markirovkasini, uni qaytadan (ustidan) yopishtirish, o‘chirish, boshqatdan markirovkalash orqali o‘zgartirish hisobiga tovarlarni sotuvga chiqarish hisoblanadi”, deyiladi agentlik xabarida.

“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun 11-moddasiga ko‘ra, sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizasiya qilish man etilishi belgilangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasida iste’molchilarga bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik, shu jumladan tovar iste’moliga oid xususiyatlar yoki sifati xususida chalg‘itish tufayli iste’molchilarga zarar yetkazish – huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni, shuningdek ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda realizasiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik –huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi o‘rnatilgan.

Qonunbuzarlarga nisbatan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan ish qo‘zg‘atiladi va natijalari bo‘yicha ko‘rsatma beriladi. Amaliyotda mazkur jarayon bir necha oylarga cho‘zilishi hamda insofsiz tadbirkorlar bilan kurashishda o‘z samarasini bermayotgani kuzatilmoqda. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” qonunda ham bunday qonunbuzilish holatlarini amalga oshirgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan ma’muriy javobgarlik (jarima) ko‘zda tutilgan, moliyaviy sanksiyalar qo‘llash amaliyoti mavjud emas.

Agentlik tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda u Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda. Qonun loyihasida normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan, yaroqlilik muddati o‘tgan, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan, shuningdek qalbakilashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini realizasiya qilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari (12 250 000 so‘m) miqdorida moliyaviy sanksiya qo‘llash ko‘zda tutilgan. Mazkur moliyaviy sanksiya ma’muriy jarima qo‘llanilishidan qat’iy nazar tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan qo‘llaniladi.

Manba: aniq.uz

Leave a comment