«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Yurtga daxldorlik – oliy qadriyat

Poytaxtimizdagi Botanika bog‘ida Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya hamkorligida “Vatan kelajagi – yoshlar qo‘lida” yoshlar forumi o‘tkazildi.

Harbiy oliy ta’lim muassasalari kursantlari, sohaviy akademik litseylar o‘quvchilari, Yoshlar ittifoqi faollari, uyushmagan yoshlar ishtirok etgan tadbirda kelajagimiz vorislarining munosib bilim olishi va zamonaviy kasblarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani ta’kidlandi.

Yoshlarning muammo va takliflarini o‘rganish, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, mamlakatimiz hayotidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadida qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Mazkur forum ham yosh avlodning vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, uyushmagan yoshlarning ezgu orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish va yurtimizda kechayotgan yangilanishlar jarayonida daxldorlik hissini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bayramona ruhda o‘tgan tadbir Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya maxsus bo‘linmalarining ko‘rgazmali jangovar chiqishlari bilan boshlandi. Yoshlarni mardlik va vatanparvarlikka undovchi sahna ko‘rinishlari, ona Vatanimiz, tinch-osuda hayotimizni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Forum doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida qo‘llanilayotgan harbiy texnika va qurol-yarog‘larning namoyishi ham tashkil etildi. Navqiron yoshlar mamlakatimiz osoyishtaligi yo‘lida kamarbasta bo‘layotgan soha vakillarining mashaqqatli kasb faoliyati haqida yorqin taassurotga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining beshta muhim tashabbusi samarasi o‘laroq san’at, madaniyat, rassomchilik va sport sohasida muvaffaqiyatga erishayotgan iqtidorli o‘g‘il-qizlarning yutuqlari ko‘rgazmasi barchada katta qiziqish uyg‘otdi.

Shu kuni tadbirga taklif etilgan bir guruh o‘quvchilarga o‘zbek adiblarining eng sara asarlaridan jamlangan kitoblar tuhfa qilindi. Shuningdek yoshlar bandligiga ko‘maklashayotgan tadbirkorlar esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.

 

Jamshid XOLOV,

IIV Akademiyasining axborot  

xizmati xodimi

Manba: o’za.uz

Leave a comment