«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Uy-joylar narxi arzonlashishi kutilmoqda

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomnidan mamlakatimiz ko‘chmas mulk va avtotransport bozorlaridagi o‘zgarishlar tahlil qilindi.

Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab uzoq muddatli tendensiyaga qaytdi. Ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni oshib, mahalliy bozorda rekordlar o‘rnatishi mumkin ekan. Ammo narxlarning keskin oshishi kuzatilmagan.

Keling buni aniq tahlillarda kuzatamiz. Joriy yilning aprel oyida mamlakatimizda ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni 20,8 mingtani tashkil etdi. Bu mart oyiga nisbatan 2,5 foizga, 2019 yilning aprel oyiga nisbatan 28,1 foizga ko‘p. 2020 yilning aprel oyida koronavirus pandemiyasi tufayli bu ko‘rsatkich 2,1 mingga tushib ketgan edi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidovning ma’lum qilishicha, ko‘chmas mulk bozorining 30 foizidan ortig‘i Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Aprel oyida poytaxtimizda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni 6,76 mingtani tashkil etib, mart oyiga nisbatan 9,5 foizga oshgan. Shu bilan birga, 2019 yilning shu davriga nisbatan o‘sish 83,4 foizni tashkil etdi.

Hududlar kesimida ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari sonining eng yuqori yillik o‘sish sur’atlari Toshkent (9,5 foiz), Farg‘ona (9,4 foiz), Sirdaryo (5,9 foiz) va Toshkent (3,3foiz) viloyatlarida kuzatildi. Ta’kidlash kerakki, bu ko‘rsatkich Surxondaryo (13,7 foiz), Jizzax (9,9 foiz) va Navoiy (8,4 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada kamaydi.

Joriy yilning birinchi choragida jami 1578,3 milliard so‘m ipoteka krediti ajratilgan. 1 aprel holatiga ko‘ra, ipoteka kreditlari qoldig‘i 29,4 trillion so‘mni tashkil etgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31,foizga ko‘p demakdir.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, Prezidentimizning joriy yil 11 martidagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kredit ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori uy-joylar narxining keskin tushishida samarasini bera boshladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda joriy yilning mart oyi boshidan boshlangan umumiy moliyalashtirish qiymati 1,1 milliard dollarga teng uy-joy qurilishi dasturining amalga oshirilishi ko‘chmas mulk bozorini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shuningdek, qurilish hajmini oshirishning asosiy omili aholining uy-joyga bo‘lgan yuqori talabi bo‘lib qolmoqda. Ayni vaqtda uy-joy narxining oshishi kutilmayapti, chunki uy-joylar kvadrat metrining narxi 4 million so‘mdan oshmasligi vazifasi qo‘yildi. Bunga arzon qurilish materiallari bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish orqali erishish rejalashtirilgan.

Uy-joy qurilishi dasturining amalga oshirilishi qurilish bozorini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. Bu esa o‘z navbatida, pandemiyadan keyingi davrda iqtisodiy rivojlanishga qo‘shimcha turtki beradi.

 

Shahnoza MAMATUROPOVA,  O‘zA

Leave a comment