«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat narxi oshib ketayotganiga munosabat bildirdi

Ayrim hududlarda ba’zi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari kamayishiga yo‘l qo‘yilmoqda. Bu haqda makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor davomida ma’lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat narxlari oshib ketayotganiga quyidagicha munosabat bildirdi.

— Misol uchun, tuxum ishlab chiqarish hajmi Toshkent viloyatida – 5 foizga, Sirdaryoda – 4 foizga kamayishi hisobiga, ushbu viloyatlarda tuxumning narxi 7 foizga, respublika bo‘yicha esa 3,6 foizga oshgan.

Go‘sht va o‘simlik yog‘ining jahon bozoridagi narxlari 1 yildan buyon to‘xtovsiz o‘sayotgani barcha rahbarlarni zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga undashi kerak.

G‘aniyev, Norqobilov, viloyat hokimlari bilan birga, joriy yilda chorvachilik yo‘nalishida 1 mingta, parrandachilikdagi 277 ta loyihani ishga tushirish hisobiga, 13 ming tonna go‘sht, 608 ming tonna sut, 3 milliard dona tuxum va 14 ming tonna parranda go‘shti yetishtirilishini ta’minlashi lozim.

G‘aniyev, J.Xodjayev, Xaitov viloyat hokimlari bilan birga, 1,1 million gektar asosiy maydonlarda 224 ming gektar bog‘-tok oralariga hamda g‘alla va ertangi ekinlardan bo‘shaydigan 873 ming gektarga sabzavot, kartoshka, poliz, sholi, moyli va ozuqa ekinlarini yetishtirishni tashkil etishlari zarur, — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilish davomida yog‘-moy mahsulotlariga ichki bozorda aholi talabini qondirish maqsadida, joriy yilda 246 ming tonna moyli ekinlarni yetishtirish va buning hisobiga 86 ming tonna moy ishlab chiqarilishi lozimligi ta’kidlandi.

Manba: xabar.uz

Leave a comment