«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Shahrisabz tumani 36-umumiy o’rta ta’lim maktabi: Tabiat qo’ynidagi ilm dargohi

  Katta hayotga qo’yilgan ilk qadamlardan biri hisoblanmish maktab inson hayotiga muhim iz qoldiradi. Sababi ilk bilimni unda olamiz. Do’stlar ortiramiz, xotiralar to’playmiz. Qadrdon maskanimizga aylanadi.


Mana shunday qadrdon dargohlardan biri Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining so’lim go’shalaridan biri Miroqi mahalla fuqarolar yig’inida joylashgan 36-umumiy o’rta ta’lim maktabidir. Mazkur maktab 1928-yilda qurilgan bo’lib, “Furqat” nomi bilan atalgan. 734 nafar o’quvchiga mo’ljallangan maktabda 604 nafar o’quvchi ta’lim-tarbiya oladi. 50 nafar pedagog xodim faoliyat yuritib, shundan ikki nafari oliy toifali, 8 nafari birinchi, 18 nafari ikkinchi toifali o’qituvchilardir.


Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev raisligida 2019-yil, 19-mart kungi videoselektor yig’ilishida ilgari surilgan “Besh tashabbus” doirasida 36-maktabda “Besh tashabbus, besh imkoniyat”, “Besh tashabbus, besh do’stimiz” kabi tadbirlar o’tkazilgan. Buning misolini maktab kutubxonasida ko’rishimiz mumkin. Kutubxonada 10 mingdan ortiq kitoblar bor. Shundan 2772 ta badiiy kitoblar jamlanmasidir. O’quvchilar bo’sh vaqtlarida kitob mutolaasi bilan band bo’ladilar.


– Maktabimizda darsdan so’ng bir qancha fan to’garaklari faoliyat yuritadi. Unda o’quvchilarimiz qo’shimcha bilimlarga ega bo’ladi. Shuningdek, o’quvchilarimiz fan olimpiadalariga faol qatnashib, yuqori natijalarga erishmoqda, — deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’inbosari Maftuna Yusupova.
O’quvchilar sog’ligini mustahkamlash va nazorat qilish maqsadida navbatchi hamshiralar bolalarning tana haroratini doimiy o’lchab turadi. Maktab darvozasida antiseptik vositalar, qo’l yuvish uchun mo’ljallangan idishlar tashkil qilingan.


Bundan tashqari maktabda sport maydonchalari va to’garaklari ham faoliyat yuritadi. Yoshlarni har tomonlama sog’lom va barkamol avlod qilib tarbiyalashda sport va jismoniy tarbiyaning o’rni alohida. Darsdan keyin mashg’ulotlarda bolalar sportning volebol, basketbol, futbol kabi turlari bilan shug’ullanadilar.
Mana shunday jonajon dargohda tarbiyalanayotgan o’quvchi yoshlar va ularning ota-onalari maktab o’qituvcchilardan xursand. Maktabning kelgusi ish faoliyatiga tahririyatimiz nomidan ulkan zafarlar tilaymiz.

Muhammadali Mamadaliyev

Comments are closed.