«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Yakkabog’da ayol joniga qasd qildi (video)

Yakkabog’ tumani «Oqtosh» MFY dan teleradio.uz sayti tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Murojaat egasi fuqaro Xushvaqt opa Yusupova bilan suhbat uyushtirdik. Ularning aytishlaricha, 26 iyun kuni soat 10:00 lar atrofida, 42 yoshli qizi Mohira Abduazizova ko’p yillardan buyon hal bo’lmay kelayotgan yer masalasidagi muammolar tufayli qo’shnisi Panji Qodirov bilan yana janjallashadi. Mohira opa Abduazizova esa nohaqlikka chiday olmay ustiga tez yonuvchi yoqilg’i sepib, bir necha odamlarning ko’z o’ngida o’ziga o’t qo’yadi. Natijada, tanasining 95 foiz qismi kuyib ketgan Mohira opa 27 iyunga o’tar kechasi, taxminan, soat 01:00 lar atrofida hayotdan ko’z yumadi.
27 iyun kuni soat 11:00 lar atrofida uni dafn etishadi.
Marhuma Mohira Abduazizovaning onasi, Xushvaqt Yusupovaning aytishicha, qizi o’z joniga qasd qilgunga qadar ushbu yer masalasidagi tortishuvlar bo’yicha bir necha bor davlat idoralariga hamda sudga murojaat qilgan.
2015 yil sud qarori bilan yer Mohira Abduazizovaga o’tkazib berilishi aytilgan bo’lsa-da, sud qarorining ijrosi shu kungacha ta’minlanmagan.

-Qizim o’ziga o’t qo’ygan vaqtida mahalla raisi hamda bir necha qo’shnilar ham bor edi, ammo yonayotgan qizimga hech kim yordam ko’rsatmadi, dedilar Xushvaqt opa kuyinib.
Endi shu kezda bir necha haqli savollar tug’ilishi tabiiy:

-Bu voqeaning sodir bo’lishida bevosita kimlar aloqador?
-Nega marhuma Mohira Abduazizovaning murojaatlari tinglanmadi?
-Sud qarorining ijrosi nega ta’minlanmadi?
-Bu voqeaning sababchilari jazoga tortiladimi?

Ushbu savollarning javobi hozircha ochiq qolmoqda. Tahririyatimiz esa tegishli tashkilotlardan rasmiy izoh kutib qoladi.

Teleradio.uz sayti muxbiri
Otabek Ziyo

Comments are closed.