«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Kamtarlik «to’n»ini kiygan tadbirkor

Bugun so’z yuritmoqchi bo’lganimiz, samimiylik hamda kamtarlikdan “to’n” kiygan, eng yuksak insoniy hislatlar ta’limini olgan mehnatkash fermer, Koson tumanining faxri bo’lmish tadbirkor Shuhrat Yahyoyevdir. U 1967-yil  Koson tumanida tug’ilgan bo’lib, 1993-yildan beri tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanadi. Shu davrdan boshlab u 22 marta kredit olgan. Shu bilan birga, barcha kreditlarini vaqtida to’lab, tadbirkorlik faoliyatini ham rivojlantirib kelmoqda. Tadbirkor Agrobank ATB ning Koson filialidan 220 million kredit olib, maydoni 2 gektarni tashkil etuvchi “Koson-Yangiobod parranda” MCHJ ga asos soldi. Bu fermada 7 kishi ish bilan ta’minlangan bo’lib, yaqin davr ichida yana 3 ta yangi ish o’rni yaratilishi rejalashtirilmoqda. Hamkasbim Shahnoza Imomova bilan bu fermaga tashrif buyurar ekanmiz, ko’plab ajoyibotlarning guvohi bo’ldik. Tuxumdan ochib chiqqaniga endigina bir oy bo’lgan minglab jajji o’rdaklar e‘tiborimizni tortdi. Nima uchun aynan o’rdak parvarish qilyapsiz, bundan qanday foyda olishni ko’zlagansiz, – degan savolimizga qahramonimiz quyidagicha javob berdilar:

– Parrandachilik sohasiga o’zgacha ruh olib kirmoqchiman. Barchamiz tovuq go’shtini sevib iste’mol qilamiz. Xalqimiz dasturxoniga yangilik sifatida hamyonbop narxlarda o’rdak go’shti yetazib berishni niyat qilganmiz. Bu orqali o’rdak go’sht ham ta’mida, ham sifatida tovuq go’shtidan qolishmasligini isbotlashni rejalashtirganmiz.

Bundan tashqari fermada tovuqlarning bir necha turlari ham parvarish qilinmoqda.    – Tovuq bu yeti xazinaning biri. Agar bilsangiz, tovuqning tuxumidan, go’shtidan,  hatto, patidan ham foyda olsangiz bo’ladi, – deydi Shuhrat aka.

Qahramonimiz parranda-yu darrandaning haqiqiy ishqibozi ekanlar. Hatto burgut, lochin kabi yovvoyi qushlarga ham mehr berib,  parvarish qilayotganlarining guvohi bo’ldik. Biz bu yerda hattoki qo’lga o’rgatilgan bo’yo’g’lini ham ko’rdik. Shu kezda “Eh, barrakalla usta fermer”, degimiz keldi. Haqiqiy ishqibozlik shunday bo’ladi, aslida.

Ot izini toy bosadi, deganlaridek Shuhrat akaning ikki farzandi Alisher va Sherali Obidovlar ham yosh vaqtidan boshlab otasining kasbidagi mehnat va mashaqqatlaridan o’rnak olib, fermerlik sir-asrorlarini o’rganib kelishmoqda. Farzandlarining bu sohaga qizishining uyg’onishida Shuhrat akaning o’rni beqiyos. Fermerning aytishicha, o’zlari ham otasidan ko’rib o’rganib shu kasbni egallagan. Ko’rinib turibdiki, fermerlik bu oila vakillarining qonida bor ota kasb, bobo kasb ekan.

– Ko’p yillik hayot tajribam orqali shunga amin bo’ldimki, o’zbekning hali beri chet davlatlarga borib ishlashi uchun umuman zarurat yo’q ekan.  Mehnat qilaman degan odam uchun shu yerning o’zida ham ish topiladi, buning uchun faqat tavakkal qilib, qattiq mehnatdan qochmaslik kerak. Ish ko’pligidan ba’zan menga  bir kunda 24 soat vaqt ham kamdek tuyiladi. Ertalabdan fermamga oshiqaman. Yo’l uzoq bo’lishiga qaramasdan piyoda yurib kelaman. Yo’l-yo’lakay  tonggi badantarbiya qilishni ham yoddan chiqarmayman, – deydi suhbatdoshimiz.

Kambag’allikning oldini olish maqsadida parranda yetishtirish uchun banklar tomonidan aholiga  kreditlar berilayotganligi hech birimizga sir emas. Shuhrat aka Yaxyoyev tadbirkor, fermer sifatida bu xayrli ishlardan chetda qolishni istamadi.  U ham o’z tashabbusi bilan maydonga chiqdi. Aholiga kredit asosida berilayotgan parrandalar uchun maxsus joylar qurish ishida tashabbus  ko’rsatdi. Endilikda istovchilar uchun bu parrandalar maxsus kataklar bilan birga taqdim etiladi.

– O’zbek bo’lib tug’ilganim uchun shukr qilaman. Davlatimiz bizga shunday imkoniyatlarni yaratmoqda. Bitta fermer uchun bundan ortiq yana nima kerak? – deb to’lqinlanib suhbatni yakunladi, Shuhrat Yahyoyev.

Shuningdek, suhbatdoshimiz parrandachilikdan tashqari quyonchilik, gulchilik, chorvachilik xo’jaliklariga ham ega. Yaqin kelajakda baliqchilik hamda tomorqa xo’jaligini ham tashkil etishni maqsad qilganlar. Bugungi safarimiz davomida faqat parrandachilik tarmog’i bilangina tanishish nasib etdi, xolos,  ammo  keyingi tashriflarimizda xo’jalikning boshqa tarmoqlari bilan ham yaqindan tanishib, yanada ko’proq qiziqarli hodisalarning guvohi bo’lamiz degan umiddamiz.

Aziza Ravshanova
sayti PR-muxbiri

Comments are closed.