«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Andijonda maktab direktori o‘qituvchini pichoqlab qo‘ydi (video)

Andijon viloyatining Paxtaobod tumanidagi 25-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi direktori maktab o‘qituvchisi bilan janjallashib qolib, uni pichoqlab qo‘ydi. Bu haqda «Daryo» muxbiri xabar berdi.

Viloyat IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2020 yil 25 may kuni soat 09:00 da musiqa maktabi o‘qituvchisi Nodir Ziyodov (barcha ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ukalari Sobir va Bobir bilan maktabga borib, direktor Doniyor Isoqovdan oylik maoshi haqida ma’lumot olmoqchiligini bildirgan. O‘zaro suhbat janjalga aylangach, direktor xonadagi xo‘jalik pichog‘i bilan Nodir Ziyodovning yuzi va tanasiga urib, jarohat yetkazgan.

Sud tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, direktor Nodir Ziyodovga — chap yuziga, ko‘krak qafasi chap yoniga va o‘ng qo‘li kafti ichiga kesilgan jarohatlar yetkazib, sog‘lig‘ining buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati yetkazgan.

O‘qituvchi mazkur holat yuzasidan Paxtaobod tuman IIBga murojaat qilgan. Huquq tartibot xodimlari hodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida bir dona xo‘jalik pichog‘ini topgan va daliliy ashyo tariqasida olib qo‘ygan.

Holat yuzasidan Paxtaobod tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 2020 yil 4 iyun kuni Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi (Sog‘liqning qisqa vaqt, ya’ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Direktorning harakatlarida qotillikka suiqasd qilish alomatlari bor-yo‘qligiga tergov harakatlari davomida baho beriladi», — deyiladi viloyat IIB axborotida.

sof.uz

Comments are closed.