«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

SamDUning Kattaqo‘rg‘on filiali va Transport universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali tashkil etiladi

Samarqand viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yanada takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining “Samarqand viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Transport vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali (SamDUning filiali) hamda Toshkent davlat transport universitetining Kattaqo‘rg‘on filialini (Transport universitetining filiali) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Quyidagilar:

a) SamDUning filiali faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

hududda pedagogika soha va tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalari, shuningdek, zamonaviy texnika hamda texnologiyalarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda pedagogika sohasi bo‘yicha tarbiya va o‘qitish usullari, ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega professional oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash;

ilmiy-pedagog kadrlarni ijtimoiy sheriklik asosida tayyorlash bo‘yicha ish beruvchilar, davlat boshqaruvi organlari va ijtimoiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

SamDUning filialining mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish va ilg‘or xalqaro tajribani tatbiq etish;

o‘quv va ilmiy laboratoriya xonalarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlash hamda o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;

ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida respublika va xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

xorijiy yetakchi va nufuzli oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, o‘quv va ilmiy-uslubiy ta’minotni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish;

pedagogika ta’lim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;

respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;

b) Transport universitetining filiali faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

transport sohasi ehtiyojlaridan kelib chiqib, mehnat bozoridagi raqobatbardosh oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, shuningdek, ommaviy kasb mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

transport sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion izlanish va tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini, shu jumladan raqamli va boshqa zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Transport universitetining filiali professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirishni hamda bitiruvchilarni chet elda magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish maqsadida yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirish;

o‘quv jarayonida nazariy tayyorgarlikning amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash maqsadida transport sohasidagi tashkilotlar bilan birgalikda talabalarning amaliyotlarini tegishli soha tashkilotlarida tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Belgilanishicha:

a) SamDUning filiali yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari va bank hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;

SamDUning filiali O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;

SamDUning filialining ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi;

SamDUning filialiga talabalarni qabul qilish har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida belgilanadi;

SamDUning filiali Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Paxtachi, Ishtixon va Nurobod tuman (shahar)laridagi umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida tegishli fanlardan dars mashg‘ulotlarini olib boruvchi o‘qituvchilarga doimiy ravishda ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatib boradi;

b) Transport universitetining filiali yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari va bank hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;

Transport universitetining filiali O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;

Transport universitetining filiali ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi;

Transport universitetining filialiga talabalarni qabul qilish har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida belgilanadi.

Samarqand viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Transport vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining quyidagi takliflari ma’qullanadi:

a) Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahri, Amir Temur ko‘chasi, 27-uy manzilida joylashgan sobiq Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi 2-son akademik litseyi hamda Kattaqo‘rg‘on tumani, Qo‘shtepa qishlog‘ida joylashgan Kattaqo‘rg‘on tumani agrotadbirkorlik va servis kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini (mavjud jihoz va mebellari bilan) tegishli hududi bilan birgalikda SamDUning filialiga;

b) Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahar, Chinobod MFY, Qozoqovul qo‘rg‘onida joylashgan Kattaqo‘rg‘on transport kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini (mavjud jihoz va mebellari bilan) tegishli hududi bilan birgalikda Transport universitetining filialiga operativ boshqaruv huquqi asosida berish.

kun.uz

Comments are closed.