«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Olmaliqda ishchi-xodimlarga oylik maoshi hisobidan tuxum qo’yish muddati o’tib bo’lgan va “pati yulingan” tovuqlar berildi

Olmaliqda ishchilarga tuxum qo’yish muddati o’tib bo’lgan va “pati yulingan” tovuqlar berildi. Buning sababi aytildi deb xabar bermoqda Darakchi

Bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati hamda kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi taklifiga ko’ra, kombinatning har bir ishchi-xodimiga oylik maoshi hisobidan arzon narxda, 8200 so’mlik 1 donadan tovuq tarqatilayotgani haqida xabar berildi. Xabarga fotosuratlar ham ilova qilingandi. Unda aks etgan  holat, ya’ni tovuqlarning achinarli ahvoli ko’pchilikda savol va kinoyalar uyg’otdi: Bu tovuqlarning nega pati uzuq-yuluq, atayin yulib tashlanganmi? Kasal tovuqlar emasmi?

Biroz o’tib, mazkur savollarga OKMK Axborot xizmati quyidagicha javob berdi: 

Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasining Parrandachilik fermasi veterinari Anvar Haydarovning ma’lum qilishicha, fermada boqilgan “Lomann sendi” zotli tovuqlari faqat tuxum qo’yishga mo’ljallangan bo’lib, jo’ja paytidan 120 kunlik bo’lganidan so’ng, tuxumga kiradi va to’xtovsiz 580 kun davomida tuxum qo’yishadi. Germaniyaning mashhur tuxum qo’yishga mo’ljallangan bu tovuq zoti mahsuldorligi bilan ajralib turadi. Parrandachilik fermasidagi tovuqlarning tuxum qo’yish muddati o’tab bo’linganligi sababli hamda iqtisodiy samaradorligi kamayganligi bois, ushbu tovuqlarni sotish kerak bo’lgan. Bu masalada tadbirkorlar kombinat rahbariyatiga tovuqlarni sotib olish taklifi bilan chiqqan. Ammo tovuqlar kombinat ishchilariga ijtimoiy himoya yordami sifatida, beg’araz tarqatilishga qaror qilingan.

Veterinarning  ta’kidlashicha,  ushbu tovuqlar har oyda turli xil kasalliklarga qarshi muntazam ravishda emlanib turilgan. Va 29 xil ozuqani o’z ichiga olgan rasion bilan oziqlantirilgan. Shuningdek, tovuqlarning sog’lomligi haqidagi tegishli tashkilotlar tomonidan berilgan sertifikat hujjatlari ham mavjud.

Ayni paytda bu parrandalarning tullash mavsumi bo’lganligi sababli tovuqlarning patlari to’kilgan. Ammo go’shti iste’molga yaroqli va hech qanday shubhaga o’rin yo’q.

Qayd etilishicha, kombinat ishchilari uchun berilayotgan ushbu tovuqlarni olish ixtiyoriy.

effect.uz

Comments are closed.