«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Bloomberg: O‘zbekiston mehnat muhojirlaridan keladigan daromadning qariyb yarmini yo‘qotdi

Sobiq Ittifoq mamlakatlarida Rossiyadan yuboriladigan pul jo‘natmalarining sezilarli darajada pasayishi kuzatilmoqda, deb yozmoqda Bloomberg.

Agentlikning yozishicha, Rossiyadan yuboriladigan pul jo‘natmalari yaqin xorij mamlakatlarining iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlagan. Ba’zi mamlakatlar uchun bu jo‘natmalar qiymati ularda ishlab chiqariladigan mahsulotning uchdan bir qismiga teng bo‘lgan. O‘z navbatida, Rossiya arzon ishchi kuchi oqimi tufayli bu vaziyatda yutgan.

Bloomberg’ning hisob-kitobiga ko‘ra, joriy yilning mart va aprel oylarida Rossiyadan O‘zbekistonga jo‘natilgan pul mablag‘lari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli ikki baravarga qisqargan.

Gruziyada bu ko‘rsatkich 40 foiz bo‘lsa, dunyoda pul o‘tkazmalariga eng ko‘p bog‘lanib qolgan davlatlardan biri Tojikistonda 50 foizni tashkil qilgan.

“Ko‘plab ehtiyojmand oilalar uchun bu daromadning 100 foiz yo‘qotilishini anglatadi”, — deydi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha iqtisodchisi Erik Livni.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chegaralarning yopilishi ba’zi mamlakatlar iqtisodiyoti uchun koronavirus oqibatlari ta’sirining ikki yoki uch baravar ortishini anglatadi.

“Siz Rossiyaga bora olmaysiz va uyda ish topa olmaysiz. Na hozir, na yaqin kelajakda ham”, — deydi ekspert.

Agentlikning yozishicha, agar chegaralar yana ochilsa ham, muhojirlar joriy yilda so‘nggi o‘n yillikdagi eng katta pasayishni boshdan o‘tkazayotgan iqtisodiyot sharoitida ish izlaydi. Dunyo bo‘yicha neft narxining pasayishi va koronavirus zarbasi Rossiyani zaxiralardan foydalanishga majbur qilmoqda. Bu esa muhojirlar daromadlar pasayishi va ishsizlik ortishi sharoitida ish izlashga majbur bo‘lishini bildiradi.

Avvalroq Jahon banki mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga yuboriladigan pul oqimlari hajmi joriy yilda 50 foizdan ko‘proqqa qisqarishi mumkinligini taxmin qilgandi.

daryo.uz

Comments are closed.