«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

«Raqamlar ortidan emas, xalqni rozi qilish uchun ishlashimiz kerak» – Shavkat Mirziyoev

3 iyun kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida kambag’allikni qisqartirish masalalari bo’yicha videoselektor yig’ilishi o’tkazildi.

Mirziyoev tadbir avvalida O’zbekistonda koronavirus bilan bog’liq vaziyatga to’xtalib o’tdi. So’nggi o’n kunda o’rta hisobda kuniga 70-80 kishida kasallik aniqlangani, hali xotirjamlikka o’rin yo’qligini ta’kidladi.

Oxirgi bir oyda 32 ta charter reys orqali 8 mingga yaqin, chegara postlari orqali 20 mingdan ortiq fuqarolar yurtimizga olib kelingan. Ularning ko’pchiligida kasallik topilgan. Shuningdek, qariyb 200 nafar xalqaro yuk tashuvchi haydovchida koronavirus aniqlangan. Umuman, hozirgi kunda uy sharoitida 26 ming, stasionarda 21 ming kishi karantinda qolmoqda.

“Qizil” va “sariq” hududlar hisoblangan viloyat, shahar va tumanlarda karantin qoidalariga qat’iy amal qilish shartligi yana bir bor aytib o’tildi.

Pandemiya sharoitida eng farovon davlatlarda ham aholi bandligini ta’minlash va kambag’allikni qisqartirish katta muammo bo’lib qolmoqda. O’zbekistonda ham ishsizlar soni ko’paydi. Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga ko’ra, pandemiya 450 mingga yaqin oilalar daromadiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.

Aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo’nalishlari. Bu borada komleks va hududiy dasturlar ishlab chiqilgan, vazirlar, hokimlar va sektorlar rahbarlarining vazifalari belgilab berilgan.

Kambag’allikni qisqartirish borasidagi ishlar hamda “Saxovat va ko’mak” umumxalq harakati doirasida muhtoj oilalarni qo’llab-quvvatlash uchun ro’yxatlar shakllantirilgan. Ularga muvofiq, bugungi kunga qadar shunday oilalarning 540 mingtasiga 307 milliard so’mlik ko’mak berildi.

Davlatimiz rahbari asosiy maqsad kambag’al oilaning hech bo’lmaganda bitta a’zosini ish bilan ta’minlab, ularni muhtojlikdan chiqarish ekani, shuning uchun har bir oila, har bir fuqaroning muammosi bilan alohida shug’ullanish zarurligini ta’kidladi.

– Bu sinovli davrda raqamlar ortidan quvish emas, balki xalqni rozi qilish uchun chin ko’ngildan ishlash kerak,– dedi Shavkat Mirziyoev.

Ushbu mablag’larni samaradorligi yuqori va kafolatlangan ish o’rinlari yaratadigan kichik ishlab chiqarish loyihalariga yo’naltirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, hunarmandchilik uchun bugungi kunga qadar 190 milliard so’m ajratilgan. Ammo Navoiy, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida bu mablag’larning o’zlashtirish sur’ati tanqid qilindi.

Joriy yilda sanoat sohasida 7,5 mingta hududiy loyihani amalga oshirish hisobiga 145 ming nafar kambag’al aholini ishga joylashtirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, qiymati qariyb 11 milliard dollar bo’lgan 206 ta yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirib, 31 mingdan ziyod yuqori daromadli ish o’rni yaratish choralari belgilangan. Bosh vazir o’rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziriga ushbu loyihalarni o’z vaqtida bajarish bo’yicha topshiriqlar berildi.

Qishloq xo’jaligida ham kambag’allikni qisqartirish bo’yicha imkoniyatlar ko’p. Yig’ilishda qayd etilganidek, birinchi yarim yillikda 38 ming gektaryerni oborotga kiritish hisobiga 25 ming nafar, yil yakuniga qadar yana qo’shimcha 51 ming gektarni o’zlashtirish evaziga 45 ming odam bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Buyerlarning 20 ming gektari kam ta’minlangan oilalarga beriladi.

Xuddi shuningdek, g’alladan bo’shaydigan 120 ming gektar maydonni takroriy ekin uchun ajratib, 300 mingga yaqin oilaga daromad manbai yaratish belgilangan. Bundan tashqari, paxta-to’qimachilik klasterlarining 965 million dollarlik 107 loyihasini amalga oshirish natijasida 28 mingdan ortiq yangi ish o’rni tashkil etiladi.

effect.uz

Comments are closed.