«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxobodda velosipedga qo‘yilgan monumentning ochilish marosimida ishtirok etdi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 3-iyun kuni Ashxobodda “Velosiped” monumentining ochilish marosimida ishtirok etdi. Haykal Kopetdog‘ tizmasi poyida barpo qilingan. Butunjahon velosiped kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir haqida Turkmanistonning “Oltin asr” axborot agentligi xabar qilgan.

Ochilish marosimidan keyin Berdimuhamedov tadbir ishtirokchilari bilan birgalikda 12 kilometrlik masofani velosipedda bosib o‘tdi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

2021-yilda Ashxoboddagi Olimpiya shaharchasida velotrek bo‘yicha Jahon chempionati o‘tkaziladi, deyilgan agentlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Gurbanguli Berdimuhamedov velosportni ommalashtirishdagi ishtiroki uchun Xalqaro velosipedchilar ittifoqining (UCI) oliy mukofoti bilan taqdirlangan.

2017-yilda Gurbanguli Berdimuhamedovga turkmanistonlik sportchilar tomonidan oltin velosiped sovg‘a qilingan. U hukumat majlislariga velosiped minib kelishni ham xush ko‘radi.

Aprel oyida Berdimuhamedovning 20 kilometrdan ko‘proq masofani velosipedda bosib o‘tgani hamda velosipedchiga atab qurilayotgan monumentni ko‘zdan kechirgani xabar qilingandi.

daryo.uz

Comments are closed.