«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Buxoroda IIB xodimlarining xatosi bilan 11 yil umrini qamoqda o‘tkazgan 53 yoshli fuqaro aybsiz deb topildi

Buxoro viloyatida IIB xodimlari xatosi bilan 11 yil umrini qamoqda o‘tkazgan 53 yoshli fuqaro Ixtiyor Eshmurodov aybsiz deb topilib, qamoqdan ozod etildi. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari Abdumannop Shaydoyev ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Oliy sud hay’atining ajrimi bilan mahkumga nisbatan chiqarilgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2009-yil 3-sentabrdagi ajrimi 28-may kuni bekor qilingan.

Ma’lumot berilishicha, 2009-yil 42 yoshli Ixtiyor Eshmurodov hamqishlog‘ining 7 ming dollar pulini qo‘lga kiritish maqsadida uning yashash uyi yotoqxonasiga bostirib kirib, hamqishlog‘i va uning 9 yoshli nabirasiga hujum qilganlikda ayblangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jondor tuman sudining 2009-yildagi hukmiga ko‘ra, Ixtiyor Eshmurodov Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik), 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan ayblanib, 17 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

U jazo muddatining 11 yilini umumiy tartibli koloniyalarida o‘tagan. O‘tgan yillar davomida o‘zining aybsizligini aytib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudiga apellyatsiya shikoyati kiritgan va oqlov ajrimini so‘ragan.

“Qonunchilikka ko‘ra, sud o‘sha payt jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi va ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan xolisona o‘rganishi kerak edi. Biroq fuqaro Ixtiyor Eshmurodov ishida qonun talablariga rioya qilinmagan”, — deydi Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari Abdumannop Shaydoyev.

Apellyatsiya instansiyasining videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan sud protsessida so‘roq qilingan Ixtiyor Eshmurodov jabrlanuvchi T.Y va uning oila a’zolarini tanishini, biroq ular bilan orasida hech qachon kelishmovchiliklar bo‘lmaganini, 2009-yilning 29-yanvar kuni hamqishlog‘ining uyida sodir etilgan bosqinchilik haqida tergov harakatlari jarayonida bilgani haqida ko‘rsatma bergan.

“Bunday yovuz jinoyatni men sodir etmagandim. IIB xodimlari mendan aybimga iqror bo‘lishni talab qildi, turli jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazishdi, asossiz ravishda meni ma’muriy qamoqqa olishdi. Aybimga iqrorlik bildirmasam, giyohvandlik vositasi tashlab bo‘lsa ham meni qamash bilan qo‘rqitishdi. Uch sutka davomida qiynoqlarga solib, barmoq izlarimni olishdi. Ammo jinoyatni sodir etmaganman, menga nisbatan adolatli qaror qabul qilishingizni so‘rayman”, — dedi Ixtiyor Eshmurodov videokonferensaloqa rejimidagi sudda.

O‘rganilgan ish hujjatlariga ko‘ra, mahkum 2009-yilning 29-yanvar kuni o‘z uyidan yuz metr narida bo‘lgan qo‘shnisi Islom Boqiyevnikiga borib, undan DVD disk olib kelgan.

“O‘sha payt sudda jabrlanuvchi sifatida ishtirok etgan fuqaro va bizning uyimiz orasidagi masofa uch kilometr chiqadi. Erim hatto uning uyida pul borligidan ham xabari bo‘lmagan”, — deydi Ixtiyor Eshmurodovning turmush o‘rtog‘i Zamira Eshmurodova.

Shuningdek, jabrlanuvchi T.Y. ham tergov jarayonlarida uyiga bostirib kirgan shaxsning aynan sudlanuvchi Ixtiyor Eshmurodov bo‘lgani yoki bo‘lmagani haqida turlicha ko‘rsatmalar bergan. Ko‘rsatmalarini bir necha marotaba o‘zgartirgan.

T.Y. xonadonida sodir bo‘lgan holat bo‘yicha IIB xodimlari tomonidan tuzilgan bayonnomada xolislar sifatida imzo qo‘ygan Hamro Hamroyev hamda Zohid Boboyevlar imzo o‘zlariga tegishli emasligini ma’lum qilgan.

Mazkur holatlarni o‘rganib chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyatsiya instansiyasiga ko‘ra, fuqaro Ixtiyor Eshmurodov ishini Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-va 3-bandlari (Qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi va sodir etilgan jinoyatga daxli yo‘qligi)ga asosan tugatgan. U aybsiz deb topilib, oqlangan va jazoni o‘tash koloniyasidan ozod etilgan.

Unga Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, jinoiy ta’qib natijasida yetkazilgan mulkiy, ma’naviy va boshqa ziyon oqibatlarini bartaraf qilish huquqiga egaligi bildirilgan.

daryo.uz

Comments are closed.