«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Kitobxo‘rdan yomon prokuror chiqmaydi

Kecha Bosh prokuratura matbuot xizmatidan navbatdagi xabar kelgandi, deng. Yo‘q, matn kimdir qo‘lga tushgani yoki qaysidir jinoyat fosh etilgani xususida emas. Bunisi ancha «yorug‘ mujda»: Bosh prokuratura va uning huzuridagi Akademiyaning bir guruh xodimlari yaqinda barpo etilgan Adiblar xiyoboniga tashrif buyuribdi.

Buni judayam e’tiborli voqea deyish qiyindir, balki. Biroq voqelikning diqqatni jalb qiladigan nuqtalari ham ancha. Masalan, xabar matni rasmiylikdan yiroq, biroz shoirona, hatto pafos bilan yozilibdi. Chamasi, muallif (muallif prokuror ekaniga shubha yo‘q) xiyobonning o‘zida yoki u yerdan kelasola qog‘oz qoralashga tushganga o‘xshaydi. Nega desangiz, «Adiblar xiyoboni»da shunday muhit hukmronki, fasohat gulshanida sezasiz o‘zingizni, ruhiyatningizni ajib hislar chulg‘ab oladi (davlat hozirgi oson bo‘lmagan paytda yuzlab mlrd. sarflab shunday maskan barpo etganini endiyam tushunyapsizmi?!).

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Bunday hislarni tuygan odam oddiy gaplarniyam «shoirona tarzda» yozvoradi beixtiyor.  Mana,  matndan parcha: «… ma’naviyat sarchashmasi bo‘lmish adabiyotdan bexabar, uning hayotbaxsh xazinasidan bebahra inson odamiylik qiyofasidan yiroq bo‘ladi, yovuzlik va qabohatga beriladi, o‘zining chirkin manfaatlari yo‘lida millatu mamlakatni sotishdan ham or qilmaydi!». Bularni o‘qib, o‘ylaysanki, «Adiblar xiyoboni»ni tez-tez ziyorat qilgan prokuror ne, hatto qassob ham shoir bo‘p ketishi mumkin: bu maskanga kelgan odam boshqacha bo‘lib chiqib ketadi-da.

Mahkama rahbariyati xodimlarini bejiz yangi xiyobonga jo‘natmabdi. Buyam kitobxonlik targ‘ibotiga yaxshi vosita, yaxshi da’vat. Zero, kitobxo‘rdan yomon prokuror chiqmaydi.

xabar.uz

Comments are closed.