«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

AQSh — Rossiya — Saudiya Arabistoni: Kim-kimning burnini yerga ishqayapti?

Uchburchak haqida mashhur bir teorema bor. Pifagorniki. Ko’pchilik buni yoddan bilsa kerak: “Katetlar kvadratining yig’indisi gipotenuza kvadratiga teng“. Esladingizmi?!
Hozir hikoya qilmoqchi bo’lgan syujetimiz bu qoidaga qanchalik to’g’ri kelishini bilmadik, ammo pandemiya dunyodagi ko’plab an’anaviy teoremalarni o’zgartirib yubormoqda. Bu neft bozoriga ham bevosita taalluqlidir.
Tabiiyki, bunday o’zgarishlarning uch burchagida “qora oltin“ “kazinosi“ning asosiy o’yinchilari — AQSh, Rossiya va Saudiya Arabistoni turibdi. Kimning “qartasi“ past kelayotgani haqida har kim turlicha fikrda bo’lishi mumkin. Keling, shulardan biriga, to’g’rirog’i, okean ortidan yangraganiga e’tibor qaratamiz. Shundan so’ng, balki kimlardadir qarashlar mutlaqo o’zgacha ma’no kasb etib ketishi ham mumkin.
Bundan oldin bir narsani ta’kidlab olaylik: tojdor virus o’pkalarni zararlashni hamon to’xtatgani yo’q. Ammo shunday paytda ham dunyoning eng yirik ikki iqtisodiyoti kuchaygan davlatlar — AQSh va Xitoy o’zaro dahanaki jangga tobora jadal kirishib ketmoqda. “Neft korchalonlari“ esa hamon kelisholmay halak. Bu ketishda yaqin ming yillikda murosayi madora bo’lishi ham amrimahol. Chunki “bir qozonda ikki qo’chqorning kallasi qaynamaydi“ deydigan odam yo’q.
Biz esa yuqorida va’da qilganimizdek, Atlantikaning narigi sohilida aytilgan yondashuvni sharhlab beramiz.
“Rossiya narxlar urushida bari bir Saudiya Arabistoniga yon berdi. Endi esa tarvuzi qo’ltig’idan tushib, yo’qotganlarini tiklashga bekorga urinib yotibdi“, — deb yozadi The Washington Times.
Qayd etilishicha, buning oqibatida Kreml hatto Belarusiya bilan ham hisob-kitoblar masalasida kelisholmay qoldi. Bundan foydalangan AQSh esa Lukashenko tomonlarga neft etkazib berishni boshlab yubordi. Albatta, juda ko’p emas. Ammo Vashington shu ishni boshlaganining o’ziyoq manfaatlar posangisida ma’lum og’ishlar bo’layotganini ko’rsatadi.
Endi eng qiziq joyiga kelyapmiz: Vashingtondagi gazetada chiqqan maqola muallifi jurnalist emas, hatto iqtisod yoki moliya sohasidagi ekspert ham emas. U MRBning sobiq tezkor xodimi, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo vaYevropadagi razvedka operasiyalari o’tkazish bo’yicha katta tajriba to’plagan Sem Feddisdir. Nega aynan ayg’oqchi ushbu mavzu uchun qo’liga qalam olgani esa sizu bizga qorong’i.
Biroq Rossiya va Saudiya o’rtasidagi neft urushini yoritishga kirishgan ko’plab rusiyzabon yoki rossiyaparast ommaviy axborot vositalari bundan avval arablarning merosxo’r shahzodasi Muhammad ibn Salmon go’yoki dunyo bo’yicha neftyetkazib berishni to’lig’icha o’z nazoratiga olishga urinayotgani haqida ko’p yozishdi. Bundan ko’zlangan maqsad AQShning slanes qazib chiqarish salohiyatini yo’qqa chiqarish ekan.
Feddisni esa aynan shu argument maqola yozishga majbur qilgan ko’rinadi. Boisi, u yuqoridagi qarashni “Putincha propaganda va dezinformasiya“ deb atar ekan, aslida hammasi boshqacha ekanligini tushuntirishga harakat qiladi.

effect.uz

Comments are closed.