«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Yakkabog’ tumani: Yerdan rizq topayotgan mehnatkashlar

So’nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi o’laroq aholi turmush tarzini yaxshilash maqsadi ko’zlanganligi hech birimizga sir emas. Bu maqsadlar yo’lida, «Har bir oila- tadbirkor» davlat dasturining qabul qilinishi ayni muddao bo’ldi.

Aynan shu dastur asosida Yakkabog’ tumani «Alako’ylak» MFY faoliyati bilan atroflicha tanishganimizda ko’pgina ijobiy holatlarning guvohi bo’ldik. MFY raisi Nortoji Jumanov mahallada aholi o’rtasida tomorqachilikni rivojlantirish uchun alohida e’tibor qaratmoqda. Qaysi bir xonadonga tashrif buyursangiz, o’z yeridan unumli foydalanayotgan aholiga ko’zingiz tushadi. Misol tariqasida, Tolmas bobo Sultonov hamda turmush o’troqlari Boysara ona G’ofirova o’z mablag’lari hisobidan hovli chetidagi bir yarim sotix yer maydonida issiqxona tashkil etishgan.

Issiqxonada pamidor, bodiring kabi ekinlar ekilib, yiliga ikki bor hosil olinadi. Uch yildan beri ushbu faoliyat bilan shug’ullanib kelayotgan bu mehnatkash oila ikki terimdan o’rtacha olti-yetti million so’m foyda qilishni ko’zlaganlar. Kelinlari, qizlarini ham ish bilan band qilib, oila budjetiga qo’shimcha daromad keltirishmoqda. «Yer bu xazina, mehnatdan qochilmasa, yerga mehr berilsa, tomorqa ham shunchalik foyda beradi», — deydi yerdan o’z rizqini topayotgan Boysara ona.

Shu bilan birga, ushbu mahallada ko’p yillardan beri istiqomat qilib kelayotgan Sojida opa Xidirova o’z yerining bir sotix maydonida tomorqa barpo etib, o’z mablag’i hisobidan aholini yil davomida pamidor bilan ta’minlab kelmoqda. Bundan tashqari bu xonadonda pillachilikka ham alohida e’tibor qaratilgan. Xonadoning ikki xonasini pilla boqish uchun ajratgan Sojida opa, ham pilladan, ham tomorqadan foyda olishni ko’zlagan. Mehnatkash o’zbek ayoli: «Mehnat ortidan kam bo’lmadim, uy-joy tikladim, ikki o’g’limni o’qityapman ,- deb kamtarona daromadlarini ta’kidlaydi

Bu mahallada har bir xonadonda tomorqa bor, har bir xonadon chorva bilan shug’ullanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmonlari asosida tashkil etilgan davlat dasturi ijrosini farovon yashash uchun o’z mehnatlarini ayamayotgan «Alako’ylak»ning zahmatkash aholisi misolida yorqin ko’rishimiz mumkin.

Aziza Ravshanova
«Teleradio.uz» sayti PR-muxbiri

Comments are closed.