«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Yakkabog’ tumani: Qo’shchinor zahmatkashlari

Yakkabog’ tumani Qo’shchinor MFY aholisi ko’p tarmoqli xo’jalik faoliyati bilan shug’ullanadi. Ushbu mahallada xo’jalikning tomorqachilik, gulchilik, uzumchilik, g’allachilik va paxtachilik tarmoqlari asosiy o’rinni egallaydi. Har bir xonadonda tomorqa xo’jaligining mavjudligi bizni quvontirdi.

Ayniqsa, biz Alimardon Mansurov xonadonlarida bo’lganimizda o’z tomorqasidan unumli foydalanayotganligining guvohi bo’ldik. Bu tomorqani tashkil etish uchun bankdan 13 million so’mlik kredit olgan Alimardon Mansurov bir yildan beri ushbu faoliyat bilan shug’ullanib kelmoqda. Tomorqa barpo etilganiga oz vaqt bo’lganiga qaramasdan, rejalashtirilgan hosil miqdori anchagina yuqori. -Tomorqa parvarishi ko’p mehr talab qiladi, farzandga qanday mehr berilsa, tomorqaga ham shunday mehr berilishi kerak,- deydi Alimardon Mansurov.

Uzumchilikka katta e’tibor qaratgan Mahmud ota Sobirov sakkiz sotix yer maydonidan unumli foydalanib, tokzor barpo etganlar. Uzumlarga alohida parvarish berayotgan mehnatkash otaxonimiz katta hosil olishni ko’zlamoqdalar. Bundan tashqari yerning bir qismiga kartoshka, bir qismiga sabzi ekib, o’z mahsulotlari bilan har tomonlama aholiga foyda keltirishni maqsad qilganlar.

Mahallada nafaqat yerdan unumli foydalanish, balki tadbirkorlik faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Imtiyozli kredit asosida barpo etilgan tekstil korxonasi mahalla ko’rkiga ko’rk qo’shib turibdi. Javohir tekstil oilaviy korxonasiga qarashli tikuv sexida mahallaning o’ttizdan ziyod xotin- qizlari ish bilan band qilinganligi quvonarli hol. Ushbu korxona qoshida matoga gul bosish ishlari amalga oshiriladigan fabrika ham mavjud. Matoga gul bosish o’n ikki bo’lmadan iborat bo’lgan, qiymati 20 ming AQSH dollariga teng maxsus dastgoh orqali amalga oshiriladi.

Mahallada ishlar juda ham qizg’in. Mahalla raisi Ubaydullo Qarshiyev 2017-yildan beri mahallada raislik faoliyatini olib bormoqda. U o’z faoliyati davomida mahallada bir qancha ishlarni amalga oshirgan. Shu jumladan, bir qancha yo’llarga shag’al yotqizilib, yo’llarni tekislash, ko’chalarni obodonlashtirish ishlarini ham amalga oshirgan.

Bu mahalla har tomonlama o’rnak bo’lishga arziydi, desak mubolag’a bo’lmaydi. Mahalla raisi boshchiligida barcha fuqarolar o’z mehnatlari, o’z salohiyatlari bilan farovon turmush tarzini yo’lga qo’yish uchun astoydil harakat qilishmoqda.

Aziza RAVSHANOVA
Durdona ABDURASULOVA

«Teleradio.uz» sayti PR-muxbirlari

Comments are closed.