«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Turkiya O‘zbekiston va yana 30 davlatdan bo‘lgan tibbiyot turistlari uchun o‘z chegaralarini ochadi

Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi 20-maydan boshlab dunyoning 31 mamlakati, xususan, O‘zbekistondan bo‘lgan tibbiyot turistlari uchun o‘z chegaralarini ochishini ma’lum qildi, deb xabar beradi Daily Sabah.

Yangilangan talablarga ko‘ra, turistga ikki kishi hamrohlik qilishi mumkin. Turkiyaga kirishdan oldin ular COVID-19’ga test topshirishlari yoki o‘z mamlakatida o‘tkazilgan test natijalarini taqdim etishlari lozim.

Turkiya hududida kirib kelgan turist va uning hamrohlari bevosita shifoxonaga yetkaziladi va ular mamlakatdan chiqib ketguniga qadar shu yerda qoladi. Shifoxonalarning bir qavati yoki koridori aynan shu kabi turistlar uchun ajratib qo‘yiladi.

Ta’kidlash kerakki, Turkiya so‘nggi yillarda tibbiyot turizmi bo‘yicha yetakchi davlatlardan biriga aylandi — 2018-yilda mamlakatda shu maqsadda qariyb 1 million xorijlik tashrif buyurgan.

Turkiya chegaralarining sekin-asta ochilishi mamlakat iqtisodiyotining qayta tiklanishi uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, 2019-yilda 52 ming chet el fuqarosi O‘zbekistonga davolanish uchun kelgan.

daryo.uz

Comments are closed.