«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Koronavirus xavfi sababli O‘zbekistonda o‘tadigan barcha Xalqaro tadbirlar va musobaqalar vaqtincha to‘xtatildi

Koronavirus epidemiyasining O‘zbekistonga kirib kelishini oldini olish maqsadida respublika hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro tadbirlar va musobaqalar vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi saytida ma’lum qilindi.

«Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, qolaversa hukumat tomonidan berilgan ko‘rsatma va tavsiyalar ijrosini ta’minlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligining buyrug‘i qabul qilindi», deyiladi xabarda.

Vazirlik buyrug‘iga ko‘ra, endilikda xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston milliy terma jamoa a’zolarining ishtiroki hamda tizim xodimlarining xorijiy xizmat safarlari ham vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, sportning barcha turlari bo‘yicha respublika musobaqalari (chempionat va kuboklar) Sog‘liqni saqlash vazirligi, hududiy sport musobaqalarini esa hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan kelishilgan holda o‘tkazilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Kun.uzʼning Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga yaqin manbasi xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro tadbirlar va musobaqalarni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining ham yig‘ilish bayoni qabul qilingan.

Manbaning aytishicha, tegishli mutasaddi tashkilotlarga koronavirusdan xoli hudud sifatida O‘zbekistonning turizm salohiyatini ko‘rsatuvchi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish vazifasi ham yuklatilgan.

Manba: zamin.uz

Comments are closed.