«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Partiya yetakchisi boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida

Bugun qaysi ijtimoiy tarmoqni kuzatmaylik, ularda siyosiy partiyalar va deputatlarning saylovdan keyin “ko’rinmay” qolgani to’g’risida fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Aslida-chi? Haqiqatan ham shundaymi?
Yo’q, albatta. Ayni kunda, xususan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan deputatlar o’z saylov okruglarida amaliy ishlar bilan bandlar. Ularning faoliyati OAVda saylovoldi jarayonlaridagi kabi yoritilmayotgani tabiiy hol. Chunki faqat saylovlar arafasidagina siyosiy partiyalar uchun davlat telekanallari va matbuot nashrlarida bepul efir vaqti va nashr maydoni ajratiladi, xolos.
Ammo partiyamizning rasmiy veb-sahifasi, “Milliy tiklanish” gazetasi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatib borayotgan zukko o’quvchi “siyosiy partiyalar va deputatlar saylovdan keyin “ko’rinmay” qoldi” degan iddaolarga aslo qo’shilmaydilar.
Misol uchun, joriy yil avvalidan boshlab, partiya faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraktsiyasi a’zolari va mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz shu kunga qadar Qoraqalpog’iston Respublikasi, Xorazm, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida bo’lib, Prezidentimizning Oliy Majlisga yo’llagan Murojaatnomasi hamda partiyaning Saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, fuqarolar murojaatlarini hal etish, mavjud muammo va kamchiliklar yechimi bilan bog’liq masalalarni o’rgandilar.
Ishchi guruhi shu kunlarda Qashqadaryo viloyatida bo’lib turibdi.


— Ayol – onamiz, ayol – opamiz, singlimiz, ayol – turmush o’rtog’imiz, farzandlarimizning onasi, ayol – do’stimiz, borlig’imiz, — dedi O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Qarshi shahrida partiya faollari va deputatlari bilan uchrashuvda ayollarni 8 mart — Xalqaro xotin-qizlari kuni bayrami bilan tabriklab. — Muhtarama ayollarimiz bayramini faqat 8 martda o’tkazish masalasida partiyamizning o’z qarashlari bor, bizningcha, opa-singillarimiz bayrami 365 kun davomida nishonlanishi kerak.
Qarshi shahrida bo’lib o’tgan uchrashuvda partiya Markaziy kengash raisi o’zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yanada oshirish, ta’lim tizmidagi mavjud muammolar haqida gapirib, bugun besh yoshli bola o’zining sakson besh yoshli buvisi bilan ona tilisida gaplasha olmayotganini ta’kidladi.
— Bugun jamiyatda uchrab turgan mafkuraviy buzuq odamlar osmondan tushgani yo’q. Mening fikrimcha, bunday asoratlar ildizini o’ylamay-netmay xususiylashtirib tashlangan bog’chalardan, uzoq yillar davomida o’z holiga tashlab qo’yilgan ta’lim tizimidan izlashimiz kerak, — dedi partiya yetkachisi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, yangi O’zbekistonning yangi deputatlari mas’uliyati har qachongidan yuqori. Xalq vakillari odamlar manfaati, yurt taraqqiyoti yo’lida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etmog’i lozim. Chunki saylovchilarga berilgan va’dalarni bajarish orqali ularning ishonchini qozonish partiya va undan saylangan deputatlarning eng ustuvor vazifasidir.

O’zMTDP Axborot xizmati

Comments are closed.