«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Quacquarelli Symonds dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingini e’lon qildi. Unda O‘zbekistondan birorta OTM yo‘q

Dunyo universitetlarining reytingini tuzuvchi QS (Quacquarelli Symonds) agentligi 2020-yil uchun eng yaxshi universitetlar reytingini e’lon qildi. Unda umumiy hisobda butun dunyoda joylashgan 1000 ta oliy o‘quv yurtlari joy olgan.

Reytingning dastlabki 3 ta pog‘onasini AQSh universitetlari egallagan (Massachusets Institute of Technology, Stanford University, Harvard University). To‘rtinchi o‘rin Buyuk Britaniyaning University of Oxford’ga nasib etgan.

Quacquarelli Symonds reytingidan Rossiyadan 25 ta, Qozog‘istondan 10 ta OTM o‘rin oldi. O‘zbekistonning esa birorta oliy o‘quv yurti joy olmadi.

O‘zbekiston OTMlari Buyuk Britaniyaning Times Higher Education tomonidan 2019-yilning dekabrida tuzilgan reytingdan ham, 2020-yilning fevral oyida tuzilgan reytingidan ham o‘rin olmagandi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning oktabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2030-yilgacha oliy ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlovchi qarorga imzo chekkan edi. Unga ko‘ra O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetinini ilg‘or universitetlarga aylantirish va ulardagi ta’lim darajasini dunyoning 500 ta eng yaxshi universitetlari qatoriga qo‘shish rejalashtirilgan.

daryo.uz

Comments are closed.