«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Kunjut yogʻini badanga surtish koronavirus yuqmasligi kafolatimi?

Ogoh boʻlaylik! Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasining oldini olish borasidagi tavsiyalarini posterlar shaklida chop etdi. Bu haqda vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar bermoqda.

Unda yangi koronavirus kasalligi haqida qisqacha maʼlumot berilgan, koronavirus alomatlari, xavf guruhiga kimlar kirishi haqida soʻz boradi. Koronavirus kasalligiga qarshi vaksina bormi, yuqtirib olish xavfini qanday kamaytirish mumkin, degan savollarga qisqa va aniq javob berilgan. Maktab va bolalar bogʻchasi maʼmuriyati hamda xorijiy davlatlarga safarga yoʻl olganlar uchun alohida eslatmalar keltirilgan. Shuningdek, virus haqida xalqimiz orasida aytilayotgan turli uydirmalarga ham eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Xitoydan xat yoki joʻnatmalar olish xavfsiz ekani, kunjut yogʻini badanga surtish koronavirusning organizmga kirishini toʻxtatishda yordam bermasligi aytilgan.

Tavsiyalarga koʻra, har bir inson sogʻlom turmush tarziga amal qilishi, doimo qoʻllarini sovun bilan yaxshilab yuvishi, yoʻtalganda va aksa urganda bir marotabalik salfetkalardan foydalanishi, faqat qaynatilgan yoki qadoqlangan suv isteʼmol qilishi lozim. Agar tana haroratingiz koʻtarilib, yuqori nafas yoʻllari kasalliklarini sezsangiz darhol shifokorga murojaat qilishingiz soʻraladi.

Mohigul QOSIMOVA, OʻzA

Comments are closed.