«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga koʻra, endi mazkur universitet oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitish metodikasini takomillashtirish, oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchilarining malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish hamda atamashunoslik boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.
Shu bilan birga, universitet huzurida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi davlat universitetlari hamda pedagogika institutlari huzurida hududiy boʻlinmalariga ega Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi tashkil etiladi.
Mazkur muassasa vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari xodimlari hamda respublikada doimiy istiqomat qilayotgan boshqa tillarda soʻzlashuvchi aholi, shu jumladan, xorijiy fuqarolarga xizmat koʻrsatishi koʻzda tutilgan.
XOʻSh, YANGI MARKAZ QANDAY VAZIFALARNI BAJARADI?
Vazirlar Mahkamasi qarorida bu masalalar yuzasidan aniq javoblar keltirilgan. Xususan, markaz oʻzbek adabiy tili meʼyorlari va davlat tilida ish yuritish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatadigan oʻquv va malaka oshirish kurslarini tashkil etadi. Oʻz navbatida, davlat xizmatchilarining oʻzbek adabiy tili meʼyorlari, lotin yozuviga acoslangan oʻzbek alifbosi va imlosi, davlat tilida ish yuritish asoslari, rasmiy hujjatlar va ularni yozish boʻyicha nazariy hamda amaliy bilimlari, koʻnikma va mahoratini uzluksiz oshirib borish mexanizmlarini joriy etadi.
Bundan tashqari, aholining yozma va ogʻzaki savodxonligini oshirish, oʻzbek adabiy tili meʼyorlari, oʻzbek tilining tuzilishi boʻyicha amaliy bilimlari, koʻnikma va mahoratini tizimli asosda oshirib borish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish ham yangi markaz zimmasidagi ustuvor vazifalar sirasidandir. 
Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazining xodimlari umumiy cheklangan soni 53 nafardan iborat boʻlishi hujjatda qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
MUASSASADA KIMLAR OʻQITILADI?
Markaz va uning hududiy boʻlinmalarida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari xodimlari pulli shartnoma asosida oʻqitiladi. Tinglovchilar tegishli oliy taʼlim muassasalarining Axborot-resurs markazi elektron adabiyotlar fondidan bepul asosda foydalanadi. 
Aholi uchun oʻzbek tilida yozma va nutq madaniyatini shakllantirish boʻyicha tashkil etiladigan bepul oʻquv kurslari xarajatlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Ish joyidan ajralgan holda taʼlim olayotgan tinglovchilar uchun oʻqish davrida asosiy ish joyidagi lavozimi va oʻrtacha oylik ish haqi saqlanadi. Qarorda markazning hududiy boʻlinmalari joylardagi davlat universitetlari hamda pedagogika institutlarining binolariga joylashtirilishi belgilangan.

OʻzA

Comments are closed.