«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Xokkeychilarimiz oldida juda muhim oʻyin turibdi

Oliy xokkey ligasining uzundan uzoq muntazam chempionati ortda qoldi. Toshkentning “Humo” klubi musobaqada 54 oʻyin oʻtkazdi, shularning teng yarmi poytaxtimizdagi muhtasham “Humo Arena” muz saroyida, qadrdon muxlislarimiz qurshovida oʻtdi.

27 matchning har biriga Toshkentda oʻrtacha 3714 xokkey ishqibozi tashrif buyurdi. Bu OXLdagi 34 klub oʻrtasida 4-natijadir. Nimayam derdik, debyutant jamoa uchun ajoyib koʻrsatkich. Eng muhimi, “Xumo” klubimiz bu borada liganing mavsumdagi rekordini oʻrnatdi: joriy yil 1-fevral kuni “Humo Arena”da Sankt-Peterburgning “Dinamo” jamoasiga qarshi oʻyinni salkam 7000 tomoshabin bevosita tribunada oʻtirib tomosha qildi.

Oʻzlarining ilk mavsumidayoq koʻk-pushti (“Humo” kiyimining rangi)lar muntazam chempionatni muvaffaqiyatli oʻtkazib, pley-off yoʻllanmasini qoʻlga kiritdilar. Jamoamiz ayni payt ushbu bosqichda Petrov kubogi chorak finaliga chiqish uchun Neftekamskning “Toros” klubi bilan bahs olib bormoqda. Hozircha toʻrt gʻalabagacha davom etadigan seriyada raqib 3:2 hisobida oldinda boryapti.

Ertaga, 4-mart kuni “Humo” seriyaning oltinchi oʻyinini oʻtkazadi. Bu gal vakillarimiz qanday boʻlmasini uchrashuvni oʻz foydalariga hal etib, umumiy hisobni tenglashtirishlari kerak. Shundagina bizda soʻnggi, hal qiluvchi oʻyinda ishtirok etish va yana gʻalaba qozonish uchun Neftekamsk shahriga yoʻl olish imkoniyati paydo boʻladi. Mabodo magʻlubiyatga uchrasak, bu yilgi turnir bilan xayrlashishimizga toʻgʻri keladi.

Koʻrinib turibdiki, vaziyat juda murakkab. Va bunday holatda ishqibozlar yordami har qachongidan muhim. Umid qilamizki, oʻzbek xokkeyi muxlislari chorshanba kuni oʻzlariga tegishli OXL mavsumi rekordini yana yangilashadi va sevimli jamoamiz uchun juda zarur boʻlgan gʻalabani taʼminlashga hissa qoʻshishadi.

OʻzA

Comments are closed.