«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Shavkat Mirziyoevning asarlari Turkiyada chop etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tanlangan asarlari turk tiliga tarjima qilinib, «Yangi O‘zbekiston — kelajagi buyuk davlat» nomi bilan nashr etildi.

Mazkur kitob Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, Kutubxonalar va nashriyotlar Bosh boshqarmasi, Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi Madaniyat va Targ‘ibot boshqarmasi tashabbusi asosida, professor Dr. Firat Purtash boshchiligidagi ijodiy guruh mehnati natijasida tayyorlangan.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an kitobga taqriz yozgan. Muqaddimani Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy bitgan.

«Shavkat Mirziyoev uch yil davomida ko‘plab otashin nutqlar so‘zlagan. Tarixiy voqelik sifatida baholanuvchi bu nutqlar avvalo o‘zbek va rus tillarida, so‘ngra ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilinib, kitob shaklida nashr etilgan. Shuni ta’kidlash joizki, «Yangi O‘zbekiston —kelajagi buyuk davlat» kitobi nashr etilgunga qadar Turkiyada O‘zbekistondagi tez suratdagi o‘zgarish va rivojlanish haqida yozilgan hech qanday asar yo‘q edi», deyiladi Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabarida.

Ushbu kitobning birinchi nashri 1000 nusxada chop etildi. Uning birinchi nusxasi Turkiya Prezidenti devonining Xalq kutubxonasi ochilish marosimida yagona faxrli mehmon sifatida ishtirok etgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga sovg‘a qilingan.

Mehmet Nuri Ersoyning qayd etishicha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keskin yuksalishlar va Turkiya bilan har qachongidan ko‘ra kuchli shaklda rivojlanayotgan munosabatlar bu asar uchun ilhom manbai bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Comments are closed.