«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

SE: «Eldor Shomurodovga Yevropadan aniq taklif bor»
SE: "Eldor Shomurodovga Yevropadan aniq taklif bor"

«Rostov» hujumchisi Eldor Shomurodov tez orada RPLni tark etishni maqsad qilgan.
Bu haqida hamyurtimiz mijozi hisoblanadigan «ProSportsManagement» kompaniyasi rahbari German Tkachenko Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashriga ma’lum qildi.

«Bizning maqsadimiz — jamoa muxlislarini xafa qilmagan holda yozda «Rostov»ni tark etish. Aytish lozimki, Rossiya chempionatidan tushadigan hech qanday takliflarni ko‘rib chiqmaymiz. Biz g‘arbga bormoqchimiz. Bugungi kunda Yevropadan aniq taklif bor.

Qishda ham bir nechta takliflar bo‘lgandi, ammo «Rostov» rahbariyati ularni e’tiborsiz qoldirishni ma’qul ko‘rdi. Rahbariyat qarorini hurmat qilamiz, ularda qishda Shomurodov borasida tushadigan takliflarni ko‘rib chiqmaslik huquqi bor edi.

Yozda esa hammasi boshqacha bo‘ladi. Biz kuchli ligalarda o‘ynashni xohlaymiz. To‘g‘ri, qarorni klub rahbariyati hal qiladi. Ammo biz ular bilan transferga adolatli narx belgilash borasida kelishib olganmiz. Buni keyinroq birgalikda muhokama qilamiz», — dedi Tkachenko «SE» nashriga.

Eslatib o‘tamiz, Shomurodov yanvarda «Rostov» bilan shartnomasini yana 5 yilga uzaytirgandi. «Transfermarkt» portali ma’lumotlariga ko‘ra, hamyurtimizning ayni damdagi transfer bahosi 6,5 million yevroni tashkil qiladi.

Comments are closed.