«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Janubiy Koreyada koronavirus bilan kasallanganlar soni 2 ming kishidan oshib ketdi

Janubiy Koreyada yangi turdagi COVID-2019 koronavirusi bilan kasallangan yana 256 ta yangi holat qayd etildi. Shunday qilib mamlakatda virusni yuqtirib olganlarning umumiy soni 2022 kishiga yetdi. Bu haqda Koreya Kasalliklar profilaktikasi va nazorati markaziga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Reuters

Avvalroq Janubiy Koreyada epidemiologiya xavfi to‘rtinchi — “qizil” darajaga ko‘tarilgani, koronavirus tarqalish xavfi yuzasidan mamlakatda safarbarlik e’lon qilingani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, virusni yuqtirib olganlarning 182 nafari Tegu shahri, yana 49 nafari Kyonsan-Pukto provinsiyasi hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 13 kishini, davolanishga muvaffaq bo‘lganlar 26 kishini tashkil etmoqda. Shuningdek, 24 751 insonning tahlil natijalari kutilmoqda. Harbiy xizmatchilar orasidan 25 nafarida ham koronavirus aniqlangan.

Koronavirus 2019-yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Xubey provinsiyasi Uxan shahrida tarqalgan. Koronavirus Xitoydan tashqari yana 20 ta boshqa xorij davlatlarida ham qayd etilgan. Virus odamdan odamga havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Unga chalingan bemorlarda isitma ko‘tarilishi, tezda charchab qolish va so‘lak chiqarib yo‘talish holatlari kuzatiladi. Kasallikning yashirin davri 14 kunni tashkil qiladi.

manba: daryo.uz

Comments are closed.