«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Mutaxassisga savol: Toshkentda propiskasiz ham ipoteka krediti beriladimi?
Mutaxassisga savol: Toshkentda propiskasiz ham ipoteka krediti beriladimi?

Oʻzbekistonda aholini uy-joy bilan taʼminlash borasida mutlaqo yangi tizim yaratildi. Koʻplab yangi uylar qurilmoqda. Ular aholining ehtiyojmand qatlamiga imtiyozli shartlar asosida berilmoqda. Oʻtgan 3-4 yil mobaynida minglab oilalar uzoq vaqt orzu qilgan niyatiga erishdi – oʻz uyiga ega boʻldi.

Yurtdoshlarimizni uy bilan taʼminlashga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida eʼtibor qaratib keladi. 2019-yil 28-noyabrda “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonning imzolanishi ham shu maqsadga qaratilgan.

Farmon ijrosi doirasida ipoteka krediti berishning yangi tizimi tatbiq etilmoqda.

Bu haqda “Ipoteka-bank” ATIB Davlat dasturlari boʻyicha ipoteka kreditlari departamenti direktori Bobur Nurmuhamedov OʻzA muxbiriga maʼlumot berdi:

– Endilikda ipoteka tizimini faqatgina davlat dasturi doirasidagi kreditlar hisobiga emas, balki bugungi kundagi bozor tamoyillaridan kelib chiqib, aholining barcha toifalari uchun tijorat ipoteka kreditlarini ajratishga eʼtibor qaratiladi.

Taʼkidlash joizki, ipoteka bozori toʻgʻridan-toʻgʻri hukumat tomonidan ajratiladigan past foizli resurs mablagʻlariga bogʻlanib qoldi.

Prezident farmoniga muvofiq, endilikda aholining barcha qatlamlari ipoteka kreditlari hisobiga uy-joy sotib olish huquqiga ega boʻladi. Faqat bunda kam daromadli va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolar uchun boshlangʻich badalning teng yarmi, kredit boʻyicha hisoblangan foiz toʻlovlarni viloyat shaharlarida 10 foizdan va Toshkent shahrida 12 foizdan ortgan qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Aholi avval faqatgina davlat dasturi doirasida qurilgan uy-joylardan sotib olgan boʻlsa, endi oʻziga maʼqul boʻlgan joydan uy-joy tanlaydi. Yaʼni bu holatda barcha qurilish tashkilotlari yangi tartib asosida ajratiladigan ipoteka kreditlari hisobiga uy-joylarni sotish imkoniyatiga ega boʻladi.

Buning natijasida qurilish tashkilotlari oʻrtasida erkin raqobat shakllanadi.

Aholi tomonidan sotib olinadigan uy-joylarning maydoni va bahosiga cheklov qoʻyilmaydi. Ajratiladigan ipoteka kreditining eng koʻp miqdori belgilanadi. Bu koʻrsatkich har yili oʻzgartirib boriladi.

Masalan, fuqaro Toshkent shahridan 360 million soʻmga uy-joy sotib olmoqchi boʻlsa, bunda ipoteka krediti maksimal miqdori 255,2 million soʻm boʻlib, qolgan 104,8 million soʻmi fuqaro tomonidan boshlangʻich badal sifatida shakllantiriladi. Tijorat banklar tomonidan aholiga ipoteka kreditlari 15 yil muddatga yillik 24 foizgacha boʻlgan stavkada anuitet (bir xil toʻlov) shartida ajratiladi.

Fuqarolardan viloyatdan Toshkentga kelib ham ikkilamchi bozordan ipoteka krediti asosida uy olish imkoni bormi, propiska soʻraladimi, qabilida savollar kelib tushayapti.

Mijoz Oʻzbekiston fuqarosi boʻlsa, mamlakat hududining xohlagan joyidan ipoteka krediti olish imkoniyatiga ega. Faqat amaldagi qonunchilikka binoan fuqaro Toshkent shahridagi birlamchi bozordan uy-joy sotib olsa 5 foizlik davlat boji toʻlash orqali uy-joyga ega boʻlishi mumkin.

Ipoteka krediti olayotgan fuqaroning oylik daromadi yetmagan hollarda qoʻshimcha toʻlovchi sifatida uning oila aʼzolari va boshqa jismoniy shaxslar qabul qilinadi.

Shahnoza Mamaturopova, OʻzA

Comments are closed.