«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Koronavirus Afg‘onistonga va arab davlatlariga kirib keldi
Koronavirus Afg‘onistonga va arab davlatlariga kirib keldi

Afg‘onistonda yangi COVID-19 koronavirusi yuqtirishi bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Firozuddin Firuzga asoslangan holda 1TV News telekanali xabar tarqatdi.

Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vaziri 23 fevral kuni Hirot viloyatida uch kishi koronavirus yuqtirishda gumon qilinib, ulardan namunalar olingan, tekshiruvlar natijasida ularning birida koronavirus yuqtirish holati tasdiqlangan. Bemor yaqinda Eronning Qum shahridan Afg‘onistonga qaytgani aytilmoqda.

Telekanal xabarida aytilishicha, ayni vaqtda Hirotda favqulodda holat joriy etilgan.
Ayni vaqtda Kuvayt va Bahraynda ham koronavirus bilan bog‘liq ilk holatlar qayd etildi.

Bahrayn axborot agentligi (BNA) qirollik sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotiga asoslanib xabar berishicha, Erondan kelgan fuqaroda yangi tipdagi koronavirus aniqlangan va bu mamlakatdagi ilk holatdir. Bemor kim bilan aloqada bo‘lgan bo‘lsa ularning barchasi Manamadagi tibbiyot markazida karantinga joylashtirilgan.

Bahrayn hukumati virus keng tarqalishi oldini olish choralarini ko‘rmoqda.
Kuvaytda esa uch kishi koronavirusdan zararlangani aniqlandi. Bemorlarning barchasi shu kunlarda Eronda bo‘lib qaytgandi.

So‘nggi kunlarda Eron ham koronavirusning yangi o‘chog‘iga aylandi. Eron tibbiyot xodimlari 19 fevral kuni mamlakatda koronavirus yuqishi bilan bog‘liq ilk holat haqida ma’lum qilishgandi, o‘tgan vaqt ichida 12 nafar eronlik virus qurboniga aylangan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Eronda virusdan zararlanganlar soni 47 nafarni tashkil qilmoqda. Ularning barchasi Qum shahrida yashovchilar yoki shu shaharda bo‘lganlardir.

Yangi koronavirus
Xitoy hukumati 2019 yilning 31 dekabrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga mamlakatning markaziy qismidagi Uxan shahrida (Xubey provinsiyasi) noma’lum kasallik tarqalayotgani haqida xabar bergandi. Mutaxassislar kasallik qo‘zg‘atuvchisi — yangi koronavirus ekanini aniqlashdi. JSST yanvar oyining ikkinchi yarmiga kelibgina virus tarqalishini jahon miqyosidagi favqulodda holat sifatida e’lon qildi va virusga yangi rasmiy nom berildi — COVID-2019.

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyning materik qismida virusdan zararlanganlar soni 77 mingdan oshgan, 2592 kishi halok bo‘lgan, 24,7 ming kishi kasallikdan tuzalgan.

Shu vaqtgacha JSST ma’lumotiga ko‘ra, Xitoydan tashqari yana 28 mamlakatda virus yuqishining 1769 holati qayd etilgan, 17 kishi qurbon bo‘lgani aytilgandi. Endi virus tarqalgan mamlakatlar soni 30dan oshib ketdi.

Ayni vaqtda Xitoydan tashqari Janubiy Koreya va Italiyada ham virus tarqalishi avj olgan. Janubiy Koreyada virusdan zararlanganlar soni 833 nafarga yetdi, 7 bemor vafot etdi.
Italiyada esa virus yuqtirganlar soni 150 nafarga yetgan, 3 kishi halok bo‘lgan.

manba: zamin.uz

Comments are closed.