«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Qrim konferensiyasining maqsadi nima edi: tinchlik o‘rnatishmi yo dunyoni qaytadan bo‘lish?

Ikkinchi jahon urushi yakuniga yetib qolishi arafasida g‘olib davlatlar o‘rtasida bir qator konferensiyalar o‘tkazildi. Moskva, Potsdam, Qrim konferensiyalari shular jumlasidandir.

1945-yil fevral oyining 4–11-sanalarida AQSh, SSSR va Buyuk Britaniya yetakchilari o‘rtasida Qora dengizda joylashgan Yalta shahrida tarixda “Qrim konferensiyasi”, “Yalta konferensiyasi” nomlari bilan qayd etilgan konferensiya bo‘lib o‘tdi. “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov ushbu konferensiya haqida fikr yuritadi.

Kun tartibi

1945-yil 4–11-fevral kunlari AQSh predizdenti Franklin Delano Ruzvelt, SSSR xalq komissarlari kengashi raisi Iosof Stalin va Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill Qrim yarim orolida joylashgan Yalta shahridagi Livadiya saroyida uchrashdi.

Qrim konferensiyasi, pastki qatorda chapdan o‘ngga: Cherchill, Ruzvelt, Stalin.
Foto: Wikipedia

Uchrashuv kun tartibida mag‘lub bo‘lgan fashist Germaniyasining urushdan keyingi taqdiri qo‘yilgan edi. Nemislar mag‘lubiyatiga hali uch oy bo‘lsa-da, amalda ularning mag‘lub bo‘lishi aniq bo‘lib ulgurgan edi : Qizil armiya bu paytga kelib Berlindan 100 kilometr uzoqda edi.

Konferensiyada yana bir qator masalalar muhokama etildi. Jumladan, fashist Germaniyasidan ozod etilgan Yevropa mamlakatlari taqdiri, SSSRning Tinch okeanida Yaponiyaga qarshi urushga kirishi va BMT ta’sis etilgan San-Fransisko konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish.

Ba’zi manbalarda bu konferensiya kuchlilar o‘rtasida “dunyoni bo‘lib olish” uchun tashkil qilingani haqidagi ma’lumot ham keltiriladi.

Nega Qrim?

Aslida Yalta konferensiyasi undan oldin o‘tgan Tehron va undan keyin o‘tgan Potsdam konferensiyalari tizimining bir qismi hisoblanadi. Tehronda (1943-yil 28-noyabr – 2-dekabr) Normandiyaga qo‘shin tushirish masalasi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, Potsdamda (1945-yil 17-iyul – 2-avgust) mag‘lub davlatlar (Germaniya, Italiya, Yaponiya) taqdiri belgilandi. Ammo Qrim konferensiyasi Ittifoqchilar g‘alabasining ramzi bo‘lib qoldi.

Yalta tanlovi Stalinning talabi edi. Konferensiyaning Sovet Ittifoqi hududida o‘tkazish bilan Stalin kuchini ko‘rsatib qo‘ymoqchi edi. Chunki Qizil armiya kuchlari Berlin ostonasida turgan bir paytda g‘arbiy kuchlar Arden va Rena daryosi ortida qamalda edi.

Qanday kelishuvlarga erishildi?

Uch buyuk davlat yetakchilari o‘rtasida imzolangan shartnomalarga ko‘ra quyidagilarga kelishib olindi:

  • Ozod etilgan Yevropa davlatlari hududida muvaqqat hukumatlar tuzib, ularni demokratik asosda o‘tkaziladigan erkin saylovlarga tayyorlash;
  • 1945-yilning aprel oyida San-Fransiskoda konferensiya tashkil qilish;
  • Germaniya mag‘lub etilganidan keyin SSSR Yaponiyaga qarshi urushga kirishi. Bunga javoban SSSR Saxalin va Kuril orollariga ega bo‘lishi;
  • Fashist Germaniyasi armiyasini tarqatib yuborish;
  • Germaniyani uch qismga bo‘lib yuborish. AQSh, SSSR va Buyuk Britaniya bo‘lingan hududlarni boshqarishi lozim edi. Potsdam konferensiyasidan bir oz oldin Cherchillning talabi bilan to‘rtinchi davlat – Fransiya ham bunga qo‘shildi va Germaniya to‘rtga bo‘lindi;
  • BMT doirasidagi ba’zi masalalar yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Xavfsizlik kengashiga veto huquqini berish; SSSR BMTda tarkibidagi respublikalar soni bo‘yicha o‘rin talab qildi, biroq unga uchta o‘rin ajratildi: bitta butun Ittifoq uchun, ikkita Ukraina va Belarus uchun.

Chaqirilmagan De Gol

O’z xotiralarida general Sharl de Gol Yaltaga taklif qilinmagani haqida quyidagilarni aytadi: “Bizni taklif qilmaganlari meni xafa qildi, lekin bunda hech ham ajablanmadim”.

Xo‘sh, Fransiya ozodligi ramzi bo‘lgan general g‘oliblar yig‘ilishiga nega chaqirilmadi?

Bu AQSh prezidenti Franklin Ruzveltning qarori edi. Sababi, ba’zi amerikalik tarixchilar fikriga ko‘ra, Ruzvelt generalni avtoritar diktator sifatida ko‘rardi. Sorbonna universiteti faxriy professori Robert Frankning fikricha, unga AQShda yashayotgan fransuzlar ta’sir ko‘rsatgan.

“Ammo o‘sha vaqtdagi Fransiyaning ta’siri ham qolgan uch davlatnikidek emas edi. Ruzvelt De Golni o‘zini Janna d’Arkka qiyoslashda va Fransiyaning urushdagi rolini kattalashtirib ko‘rsatishda urinishda aybladi”, – qo‘shimcha qiladi tarixchi.

Parij VII universiteti tarix o‘qituvchisi Anni Lakrua-Rizning fikricha, Ruzveltning maqsadi Fransiya suverenitetini yo‘qotish edi. Bu strategiyani Ruzvelt oldindan ishlab chiqqan edi. Mabodo Fransiya mag‘lubiyatga uchragudek bo‘lsa, u barcha suveren huquqlardan, jumladan pul zarb qilishdan mahrum protektorat maqomida qolishi kerak edi. Shuningdek, Ruzvelt dekolonizatsiya tarafdori edi. Ammo Cherchilldan koloniyalardan voz kechishni talab qilolmas edi. Shunday vaziyatda buni kuchsizlangan Fransiya va Belgiyadan talab qila olardi. Fransiya Yevropada kuchsizlanishi AQShning ta’sir kuchini o‘stirar edi.

SSSR qarshisida Yevropada yakkalanib qolishni istamagan Cherchill Fransiyaning avvalgi mavqeini qayta tiklashini istayotgan edi. Shuning uchun ham bo‘lingan Germaniyadan Fransiyaga ham hudud ajratilishiga erishdi. Buyuk Britaniya bosh vazirining davlat kotibi Eduard Stettinius o‘z hisobotida shunday yozadi:

“Fransiyaga avvalgi mavqeini tiklashda yordam berish bizning manfaatlarga mos keladi va bizning hukumat Fransiyaning hozirgi holatidan ko‘ra uning avvalgi mavqeini tiklashiga ko‘maklashishdan, albatta, yutadi”.

Xulosa

Qrim konferensiyasi yagona maqsad yo‘lida birlashish uchun qilingan so‘nggi urinish bo‘lib qoldi. Konferensiya natijasiga ko‘ra Polshaning chegaralari g‘arbga tomon siljidi. Germaniya to‘rt qismga bo‘lindi. Keyinchalik uning SSSR ta’sir doirasidagi sharqiy qismida kommunistik Germaniya Demokratik Respublikasi, G‘arb davlatlari ta’sirida ga‘rbiy qismida esa Germaniya Federativ Respublikasi tashkil etildi. Eng katta natija esa butun markaziy va Sharqiy Yevropa Qizil armiya nazorati ostidaligi edi. Ushbu hududlar uzoq davr mobaynida kommunizm g‘oyalari ostida yashadi.

Manba: Dy.uz

Comments are closed.