«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Bobur Mirzoning qalbini rom etgan Xurosonning ul goʻzali kim erdi

Buyuk shoh va sarkarda, benazir shoir, oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakili Zahiriddin Muhammad Bobur jahon madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Temuriyzoda hukmdor 47 yillik umri davomida koʻplab ulugʻ ishlarni amalga oshirib, oʻzidan beqiyos moddiy va maʼnaviy meros qoldirdi. Shoirning dilbar gʻazallari, purmaʼno ruboiylari, betakror “Boburnoma”si, musiqa, tarix, geografiya ilmiga oid durdona asarlari uning naqadar serqirra isteʼdod egasi ekanidan darak beradi.

Badiiy nasrning betakror namunasi boʻlgan “Boburnoma” tarixiy-memuar asari dunyoning 70 dan ortiq mamlakatlari muzeyidan joy olgan. Bu shoh asar 30 dan ortiq tilga tarjima etilgan.

Bobur Mirzoning qalbini rom etgan Xurosonning ul goʻzali kim erdi

Tarixdan maʼlumki, har bir buyuk inson ortida buyuk ayol turadi. Xususan, hukmdorlarning hayotida, olamshumul zafarlarida, ravnaqi va hatto inqirozida ham malikalar katta oʻrin tutgan. Zahiriddin Muhammad Boburning katta ayoli Mohim begim ham temuriylar tarixidagi nihoyatda xushxulq, teran ilm sohibasi boʻlgan malikalardan biri edi.

Tarixiy manbalarda Mohim begimning ota-onasi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar yoʻq. Ammo, uning XV asrning oxirlarida Xurosonda tugʻilgani taxmin qilinadi.

Bobur ham “Boburnoma“da Mohimni nikohiga olgani haqida yozarkan, qizning oilasi haqida toʻxtalmagan. Ayrim tarixchilar Mohim begim Xost shahri hokimi Xoja Muhammad Alining singlisi boʻlganini aytishadi. Boburning oʻzi ham tez-tez bu shaharga borib turar, uning bir qancha farzandlari shu yerda tugʻilgandi.

1506-yilda Xuroson hukmdori Husayn Boyqaroning oʻlimi munosabati bilan bu shaharga kelgan Bobur Mohim begimni uchratib qolgan va uni nikohiga olgan. Mohim begimning oilasi Husayn Boyqaro xonadoniga aloqador boʻlishi ham mumkin.

Mirzo Bobur har sohada Mohim begimga suyanar, fikrlarini tinglab, oilaviy muhitning nazoratini unga topshirgan edi. Unga Boburiylar saltanatidagi eng katta unvonlardan biri – “Podshoh begim” unvoni beriladi.

Mohim begim ham husnu latofatda, ham fahmu farosatda Bobur mirzoning didiga munosib ayol edi. Mohim koʻpgina safarlarida Boburga hamrohlik qilgan. Mohim begim Humoyundan keyin yana ikki oʻgʻil va ikki qiz – Borbul, Foruq, Mehr-Jahon begim va Eson Davlat begim ismli farzandlarni dunyoga keltirgan boʻlsa-da, ular goʻdakligidayoq nobud boʻlishgan.

Bobur hatto boshqa ayoli dunyoga keltirgan farzandlarining tarbiyasini ham Mohim begimga ishonardi. Mohim begim zukko, kamtarin va sabrliligi bilan ajralib turardi. U oʻgʻli Humoyun Mirzoni nihoyatda zehnli, jasur va mard etib tarbiya qilgan, shu sababli Boburning hurmatiga, cheksiz eʼtiboriga sazovor boʻlgan edi. Bobur kichik ayoli – Dildor ogʻacha dunyoga keltirgan ikki farzandi – Hindol va Gulbadanbegimni ham Mohim begim tarbiya qilishini istagan.

Oʻz navbatida Gulbadanbegim ham oʻzining akasiga bagʻishlab yozgan “Humoyunnoma” asarida Mohim begimni alohida hurmat va ehtirom ila tilga oladi.

Bobur mirzo Mohim begimga boshqacha mehr qoʻygan, uning bu muhabbatini hatto paygʻambarimiz (s.a.v.)ning Hazrati Oyisha (r.a.)ga boʻlgan sevgilari bilan qiyoslashardi.

Maʼlumotlarga koʻra, Bobur Hindistonning katta qismini egallaganidan soʻng, u Qobuldan Mohim begimni olib kelish uchun bir qancha otliqlar va qorovullarni yuboradi. Malikaning yaqinlashib qolgani eshitgan Bobur mirzo tezda uning istiqboliga oshiqadi. U hatto otini egarlashlarini ham kutmasdan yarim farsax (taxminan toʻrt chaqirim) yoʻlni piyoda bosib oʻtadi. Nihoyat olisdan Mohim begimning mahofasi koʻrinadi. Buyuk hukmdor uning istiqboliga piyoda kelayotganini koʻrib Mohim begim ham mahofadan tushadi va Bobur tomon yuguradi. Uning yuzlarini sogʻinch va muhabbat yoshlari yuvardi…

Boburning mana bu oʻtli misralari ham Mohim begimga boʻlgan buyuk muhabbat tufayli yaralgan boʻlsa, ne ajab:

Sen gulsenu, men haqir bulbuldurmen,

Sen shuʼlasen, ul shuʼlagʻa men kuldurmen,

Nisbat yoʻqdur, deb ijtinob aylamakim,

Shahmen elga, vale senga quldurmen…

Maʼlumki, 1530-yil 30-dekabrda Bobur vafot etadi. Uning katta oʻgʻli Humoyun yigirma uch yoshida taxtga oʻtiradi. U onasini hamisha boshiga koʻtarar, uning maslahatlariga amal qilardi. Biroq, Mohim begim erining vafotidan soʻng yana toʻrt yil yashadi, xolos. 1534-yil 28-mart kuni u Agra shahrida dunyodan oʻtadi.

Ayni paytga qadar Mohim begimning qayerda dafn etilgani maʼlum qilinmagan. Taxminlarga koʻra, u dastavval Bobur mirzoning yonida dafn qilingan. Ammo, oradan koʻp oʻtmay, Boburning vasiyatiga binoan uning xoki Agradan Qobulga koʻchiriladi. Oʻsha paytda Mohim begimning ham xoki Qobulga keltirilganmi-yoʻqmi, hali aniqlanmagan…

Rustam JABBOROV, OʻzA

Comments are closed.