«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Donald Tramp O‘zbekistonga keladimi? AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi javob berdi

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Morgan Ortagus “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida AQSh prezidenti Donald Trampning Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga tashrif buyurishi masalasiga oydinlik kiritdi.

Morgan Ortagus mazkur savolga javob berib, bu masalani davlat kotibi Maykl Pompeo va prezident Donald Trampga albatta eslatib, aytib qo‘yishini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Donald Tramp joriy yilda ko‘proq mamlakatning o‘zida bo‘ladi, chunki joriy yilda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. “O‘zbekiston, naqadar mehmondo‘st yurt ekanini bilamiz. Biz uchun u yerga borish sharaf”, — deb ta’kidlagan Ortagus xonim.

Shu bilan birga, Morgan Ortagus yaqinda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeoning Qozog‘iston va O‘zbekistonga amalga oshirilgan tashrifi Vashington uchun qanday ahamiyatga ega ekani haqida gapirgan.

Davlat departamenti matbuot kotibining aytishicha, tashrif jiddiy sabablar bilan amalga oshirilgan. Ulardan biri O‘zbekiston Prezidenti boshlagan islohotlarni muhokama qilish bo‘lgan. “Biz bu jarayonlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Amerika bizneslari va sarmoyasi uchun sharoit yaxshilanib, imkoniyatlar ochilishini xohlaymiz”, — degan Morgan Ortagus. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchisi masala diniy erkinlik targ‘iboti bo‘lgan.

Morgan Ortagusning ta’kidlashicha, O‘zbekiston terrorizmga qarshi kurashda AQShning hamkori hisoblanadi. Amerika matbuoti Afg‘onistondagi urushni yoritish bilangina cheklanadi, lekin AQShning mintaqadagi missiyasizda O‘zbekiston yordam berib kelmoqda. Markaziy va Janubiy Osiyodagi maqsadlar amalga oshishida O‘zbekistonning roli muhim hisoblanadi. Afg‘onistonda tinchlikka erishishda, bu zamin taraqqiy etishida, siyosiy-iqtisodiy va madaniy hamkorlikda ham O‘zbekiston va Qozog‘iston hamda Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari behisob hissa qo‘shadi.

Morgan Ortagus AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi masalasida ham fikr bildirdi.

Uning qayd etishicha, AQSh barqaror demokratiya bo‘lib, har ikki yilda, har to‘rt yilda saylov bo‘ladi. Lavozimlardagi odamlar o‘zgarib turadi. Biroq Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat partiya tanlamaydi. Qadriyatlar ham partiya tanlamaydi. Strategiya asosi o‘zgarmaydi.

“Davlat kotibi besh yilda birinchi marta bordi. Bu orada Xitoyning roli kuchaydi. Nafaqat savdo va biznes bobida, balki musulmonlarga, ozchilikdagi elatlarga bosimni oshirdi. Bu bosim Markaziy Osiyoga ham ta’sir qiladi. Shu bois biz borib, aytamiz, biz shu yerdamiz. Qadriyatlarimiz, sadoqatimiz, me’yor va tajribamiz — barchasi Markaziy Osiyo xalqlari xohishi bilan hamohang. Xitoy tekinga yoki arzonga nima taklif qilishidan qat’i nazar, biz bilan tenglasha olmaydi”, — deya fikr bildirgan AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi.

manba: daryo.uz

Comments are closed.