«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Boeing 58 yil ichida ilk bor yanvarda birorta buyurtma olmadi

AQShning Boeing kompaniyasi 58 yil ichida ilk bor yanvarda birorta buyurtma olmadi. Kompaniya yanvarda mijozlarga bor-yo‘g‘i 13 ta samolyot yetkazib bergan.

Boeing 1962 yildan beri ilk bor yanvarda birorta samolyotga buyurtma rasmiylashtirmadi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.  

Ta’kidlanishicha, bir vaqtlar AQShda eng ko‘p sotilgan 737 Max samolyoti bilan yuz bergan ikkita aviahalokatdan keyin boshlangan inqiroz sababli kompaniyaning ishlari ortga ketdi. 

Taqqoslash uchun, kompaniya 2019 yil yanvarida mijozlarga 46 ta samolyot yetkazib bergan va 45 ta yangi buyurtma olgan.   

Boeing yanvarda buyurtmachilarga 13 ta samolyot, jumladan 6 ta 787 Dreamliner, ikkitadan Boeing 767 va 777 hamda 3 ta 737NG modelidan yetkazib bergan. 737 Max modeli yanvardan ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan.

O‘z navbatida Boeing’ning asosiy raqobatchisi – Yevropaning Airbus konserni yanvarda oxirgi 15 yil ichidagi eng yirik buyurtmani olganini e’lon qildi. Kompaniya yanvar davomida 274 ta samolyotga buyurtma olgan. 

2019 yilda AQSh kompaniyasi 22 yil ichida ilk bor zarar ko‘rgan. Zarar miqdori 636 mln dollarni tashkil qilgan.  

Yanvar oxirida Boeing bosh direktori o‘zgarib, kompaniyaga Devid Kelxun rahbar etib tayinlandi. U 737 Max modeli kelajagiga ishonishini va kompaniyaning joriy biznes-portfeli unga modelning ekspluatatsiyasi tiklangungacha moliyaviy likvidlikni ta’minlashini aytgan.

manba: kun.uz

Comments are closed.