«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Qarshi shahar: BOLAJONLARGA E’TIBOR KATTA

Qarshi shahridagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyi 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan aqlan zaif va nogironligi bo‘lgan bolalar yashab, tarbiyalanadigan muassasa sanaladi.

Faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga 42 yil bo‘lgan ushbu internatning asosiy binosi 2002 yilda qayta qurilgan. Qarshi shahar hokimining tegishli qarori bilan 2018-yilda “ERIELL” kompaniyasi homiyligida muassasada to‘liq kapital rekonstruktsiya o‘tkazilib, qayta zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanildi.

Bosh bino, oshxona majmuasi, qozonxona, issiqlik, , issiq, sovuq suv, ventilyatsiya tizimlari ta’mirlandi, issiq pol, konditsioner o‘rnatildi, sport maydonchasi, kir yuvish xonalari to‘liq ta’mirlanib jihozlandi.

Muassasa o‘zining bag‘riga 300 nafar imkoniyati cheklangan bolalarni qamrab olishga mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda 299 nafar bola “Muruvvat” uyida ta’lim-tarbiya olib kelmoqda. Mazkur muassasada respublikamizning barcha hududlaridan imkoniyati cheklangan bolalar tarbiyalanadi.

Jonkuyarlik bilan xizmat qilib kelayotgan shifokor Nulufar Aliqulova, hamshira Nafisa Obidova, tarbiyachi Gulnoza Qoraeva, enaga Munisa Karimova va boshqa xodimlar xizmatidan barcha mamnun. O‘tgan yili Shoxsanam opa Turdieva o‘zining samarli mehnati uchun “Sog‘lom avlod” II-darajali ordeni bilan taqdirlandi.

Imkoniyati cheklangan bolalar uchun har yili 2 marta ya’ni bahor va kuz oylarida chuqurlashtirilgan tibbiy qo‘rik o‘tkaziladi. Bunda Qarshi shahar tibbiyot birlashmasi xodimlari tamonidan UZI, rentgent, EEG, laboratoriya tekshiruvi o‘tkaziladi. Kasallik aniqlanadigan bo‘lsa davolash ishlari olib boriladi. 2019 yilda 42 nafar o‘g‘il bolalarda “femoz” jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

“Muruvvat” uyida har bir bola bilan yakka tartibda o‘quv-mashg‘ulot olib boriladi. Har haftada ochiq darslar o‘tkazib borilayotgan bo‘lsa, shu bilan birga tikish-bichish, duradgorlik, musiqa va spor to‘garaklari muntazam ravishda ishlab turibdi.

Muassasada hamma shart-sharoitlar muhayyo. Ota-onalar o‘z farzandlari bilan uchrashishlari uchun xona mavjud. Unda isitish pechlari, televizor va boshqa qulayliklar mavjud. Kuni kecha musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan nogironlar xayriya marafonida 2,5 millionga yaqin savdo qilindi. Bunda bolalar o‘z tarbiyachilari bilan birgalikda yasagan qo‘l mehnati mahsulotlari namoyishga qo‘yildi.

Bu ishlar nafaqat bolajonlarimizga qulaylik yaratadi, balki xodimlarimizning samarali ishlashini ta’minlaydi, — deydi biz bilan muloqotda Qarshi shahar “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyi rahbari Ro‘ziqul Xodjaev.

Shahnoza IMOMOVA.

Comments are closed.