«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

O‘zbekistonda tibbiy niqoblar narxini asossiz oshirgan dorixonalar yopiladi

Prezidentning 2016-yil 31-oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, chetdan olib kelinadigan, shuningdek, O‘zbekisonda ishlab chiqarilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish — ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining xabar berishicha, agentlik o‘z vakolatlari doirasida dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun belgilangan ulgurji va chakana savdo ustamalariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Qayd etilishicha, muntazam ravishda (1 yil davomida ikki va undan ortiq marta) litsenziya talablari va shartlari, shu jumladan, dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibi, retsept asosida beriladigan hamda elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibining buzilishi — litsenziya talablari va shartlarining qo‘pol ravishda buzilishi holati hisoblanadi hamda bu farmatsevtika faoliyati uchun berilgan litsenziyaning amal qilishining belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladi.

Shu munosabat bilan, agentlik farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibiga, litsenziya talablari va shartlariga qat’iy rioya qilishni so‘ragan.

Manba: daryo.uz

Comments are closed.