«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Saudiya Arabistoni va Vyetnamda yuqori patogenli parranda grippi aniqlandi

Yuqori patogenli parranda grippining tarqalish holati Saudiya Arabistoni va Vyetnamda qayd etildi. Bu haqda Jahon hayvonlar salomatligini saqlash tashkilotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Saudiya Arabistoni Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ma‘lum qilinishicha, mamlakatning markaziy qismidagi parranda fermasida H5N8 virusi yuzaga keltirgan gripp aniqlangan. Kasallikdan 22,7 mingta parranda nobud bo‘lgan, yana 385 mingta parranda so‘yilgan.

Vyetnam Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan xabar berilishicha, mamlakatning shimolida, Xitoy bilan chegara yaqinida joylashgan qishloqda parranda grippi aniqlangan. Mazkur hududdagi uch mingta parrandadan 2,2 mingtasi o‘lgan.

Avvalroq, Xitoyda koronavirus epimarkazi yaqinidagi hududda parranda grippi tarqalgani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 4-fevral holati bo‘yicha 20438 ta koronavirusni yuqtirish holati qayd etilib, vafot etganlar soni 425 kishiga yetdi. Komissiya 2788ta holatda bemorlarning ahvoli og‘irligini ma’lum qilgan. Hozirga qadar 480 ga yaqin kishi sog‘aygani aytilmoqda.

Comments are closed.