«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Majburiy mehnatga butkul barham beriladi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Ishga marhamat” monomarkazida 2019-yilda paxtachilik sohasida munosib mehnatning ijrosi va kelgusida bu boradagi vazifalarga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi, Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi masʼullari, Toʻqimachilik va tikuvchilik sanoati uyushmasi xodimlari, xalqaro ekspertlar hamda tuman, shaharlar hokimlari ishtirok etdi.

photo5318983213168832078.jpg

Mamlakatimizda mehnatkashlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularga munosib ish sharoitlari yaratish, xususan, majburiy mehnatning har qanday shakllariga barham berish, mehnatni muhofaza qilish, bu borada xalqaro meʼyoriy hujjatlarga rioya etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari Erkin Muhitdinov keyingi yillarda mamlakatimizda paxta eksport qilishdan koʻra, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish, bunda paxtachilik tarmogʻini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilishga alohida eʼtibor qaratilganini qayd etdi.

photo5316663535692000632.jpg

Ushbu sektorda mavjud muammolarni bartaraf qilish va aholiga munosib mehnatni taʼminlashning muhimligini bilgan holda terim davrida mehnat huquqlariga, xususan, majburiy mehnatga barham berishga koʻproq eʼtibor berilmoqda. Mazkur jarayonlarni tartibga soluvchi normativ hujjatlarning qabul qilinishi tizimda ijobiy natijalarni bermoqda. Biroq ular mahalliy darajada ijroga oid muammolarni keltirib chiqarayotgani keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Qayd etish kerakki, xalqaro normalardan tashqari 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida ham fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan. Hozirda yurtimizda ana shu yoʻnalishdagi ishlarni takomillashtirish, samaradorligini oshirish boʻyicha muayyan ishlar olib borilmoqda.

photo5316663535692000629.jpg

Davra suhbatida paxtachilik tarmoqlarida joriy etilishi kutilayotgan yangi strategik oʻzgarishlar, mahalliy darajada ijroga oid yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar muhokama qilindi. Jumladan, xalqaro ekspertlar, soha mutaxassislari ishtirokida alohida shoʻbalarga boʻlinib, paxtachilik sohasini modernizatsiya qilish va buning 2019-2020-yillarda paxta terimiga taʼsiri, 2019-yilgi paxta terimi davrida majburiy mehnatga qarshi kurash – qonunchilik va amaliyot, 2019-yilgi paxta terimi davrida majburiy mehnat sohasida mustaqil monitoring – natijalar va tavsiyalar mavzularida fikr almashildi.

Oxirgi paytlarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnatni butkul yoʻq qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyatining eʼtiborini qozonmoqda. 2019-yil paxta terimi mavsumida bir qancha mansabdor shaxslar majburiy mehnatga jalb qilish va terimchilarga mehnat sharoitlarini yaratmaganlik uchun jarimaga tortilgan.

photo5318983213168832082.jpg

2019-yilda Davlat mehnat inspeksiyasining murojaat kanallariga majburiy mehnat bilan bogʻliq 1 ming 282 xabar kelib tushgan. Oʻrganishlar davomida 259 murojaatda haqiqatan ham fuqarolar majburiy mehnatga jalb etilgani, shuning 118 tasi paxta terimi mavsumida roʻy bergani aniqlandi. Mazkur holatlar boʻyicha aybdorlar javobgarlikka tortilib, ularga 772 million soʻm miqdorida jarimalar tayinlangan. Shuningdek, 3 mingdan ziyod fuqaro paxta mavsumida majburiy mehnatga jalb etilgani aniqlanib, aybdorlar qonunda koʻrsatilgan tartibda javobgarlikka tortilgan.

Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnatning oldini olish maqsadida respublika va viloyat tashkilotlari rahbarlari nomiga jami 225 yozma koʻrsatma, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlariga 13 ogohlantirish, vazirlik va idoralarga 80 taqdimnoma kiritildi.

photo5316663535692000628.jpg

Tadbirda Oʻzbekistonning ijobiy imijini shakllantirishda majburiy mehnatga duchor qilinganlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi rivojlangan mamlakatlar tajribasini oʻrgangan holda xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish zarurligi aytib oʻtildi. Joriy yil hududlarda tashkil etiladigan paxtachilik klasterlarida ishchilarga yaxshi mehnat sharoitini yaratish, fermer xoʻjaliklari rahbarlarining vazifalarini toʻgʻri tashkil etish boʻyicha tuman, shaharlar hokimlariga tushuntirishlar berildi.

Abdulaziz MUSAYEV, Temur MAMADAMINOV (surat), OʻzA

Comments are closed.