«KELAJAK INTERNET TELERADIOKOMPANIYASI»

Andijonliklar qachon to‘liq gaz bilan ta’minlanishi ma’lum qilindi

Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida uglevodorod xom ashyosini qazib olishni yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan bir guruh OAV vakillari uchun “Andijonneft” AJga qarashli konlarga press-tur uyushtirildi.

“Daryo” muxbiri Mirolim Isajonovning xabar berishicha, ayni paytda Andijon va Farg‘ona viloyatida 14 ta gaz qudug‘i ishlamoqda. Tahlillarga ko‘ra, andijonliklarning zangori olovga bo‘lgan ehtiyoji qish mavsumida kuniga 5 million metr kub atrofida, yozda esa bu ko‘rsatkich 600—700 ming metr kubni tashkil etadi. Chunki yoz oylarida gazga nisbatan talab pasayadi. Ammo bu gaz qazib olish hajmiga aks ta’sir ko‘rsatmaydi, ya’ni qazilgan gaz hajmi yuqoriligicha ketaveradi va odamlar ehtiyojidan ortib qolgani Xo‘jaobod tumanidagi yerosti gazni saqlash majmuasiga zaxiraga olinadi. Mavjud zaxiradagi gazni qish faslida aholiga yetkazib berish rejalashtirilgan.

“Shu kunlarda yana 3 ta quduqdan gaz qazib olish ishlari boshlanadi. Bu orqali esa viloyatimiz aholisiga sutkasiga 1 million metr kub gaz yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Prezidentimiz yaqinda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida geologiya sohasini yanada rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilishini ta’kidladi. Joriy yilda istiqbolli konlarni aniqlash va mavjud zaxiralarni ko‘paytirish uchun davlat byudjetidan 2 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi aytildi.

Geologiyaga bo‘lgan e’tibor bois hamda gaz qazib olish hajmining o‘sish sur’ati shu yosinda davom ettirsak, uzog‘i ikki yil ichida butun Andijon viloyati ehtiyojini viloyatdagi quduqlardan qazib chiqariladigan gaz evaziga to‘liq bajarishga erishamiz”, — dedi “Andijonneft” AJ boshqaruv raisi.

manba: sof.uz

Comments are closed.